'Amerika ovozi' muxbiri Abdumalik Boboyev jarima bilan qutildi

Bugun Toshkentda bo‘lib o‘tgan yakuniy mahkama jarayonida "Amerika ovozi" radiosi muxbiri Abdumalik Boboyevga O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 223-moddasi bo‘yicha qo‘yilgan ayblov bekor qilinib, qolgan uchta modda bo‘yicha 400 minimal ish haqi (18 million 86 ming so‘m) miqdorida jarima solindi.

Malik Mansur taxallusi bilan "Amerika ovozi" radiosining O‘zbek xizmati bilan hamkorlik qilgan Abdumalik Boboyevga O‘zbekiston jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash va tarqatish, tuhmat, haqorat va chegarani noqonuniy kesib o‘tish bandlari bo‘yicha ayblangandi.

O‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarda aybdor deb topilgan taqdirda, jurnalistning 5 yildan 8 yilgacha qamoq jazosiga hukm etilishi kutilgandi.

Abdumalik Boboyev tergov jarayonida o‘ziga qarshi ilgari surilgan ayblovlarni tan olmagandi.

Jurnalistning ishini yaqindan kuzatib borayotgan o‘zbekistonlik inson huquqlari himoyachilari ham unga qo‘yilayotgan ayblarning soxta ekanini aytishgandi.

Abdumalik Boboyevning mahkama ishi xalqaro miqyosda keskin aks-sadolarga sabab bo‘lgandi.

Jumladan, "Xьyuman Rayts Votch"ning bugun chiqargan bayonotida aytishicha, hukumatni tanqid etuvchi qarashlarni izhor etgani uchun jurnalist Boboyevga bu kabi ayblovlar qo‘yilgan.

Xalqaro tashkilot O‘zbek rasmiylarini jurnalistga qo‘yilgan ayblarni zudlik bilan olib tashlashga ham chaqirgandi.

"Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti esa, Abdumalik Boboyevning ilk mahkama jarayoni ortidan chiqargan bayonotida uning ishi boshdan-oyoq siyosiy vajlarga asoslanganini bayon qilgandi.

Jurnalist Abdumalik Boboyevning mahkama jarayoni 7 oktyabr kuni boshlangandi.

13 oktyabr kuni esa, "Parlamentskaya gazeta" va Vesti.Uz veb sahifasining muharriri V.Berezovskiy "tuhmat" va "haqorat" qilishda aybdor deb topilgan, ammo avf e‘lon etilib, jinoiy javobgarlikdan soqit etilgandi.

Biz O‘zbekistondagi diniy va siyosiy mahkamalarni kuzatish loyihasi rahbari Sur‘at Ikromov bilan bog‘lanib, so‘nggi xabar tafsilotlarini so‘radik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди