Qozog‘istonda ikki nafar o‘zbekistonlik boshpana izlovchi hibsga olindi

Qamoqxona

Qozog‘istonda bo‘lib turgan o‘zbekistonlik boshpana izlovchilarning ikkitasi Olmaota ichki ishlar boshqarmasi tomonidan hibsga olingan. Ularning biri hujjatlari yo‘qlikda ayblanayotgan bo‘lsa, ikkinchisining ustidan firibgarlik bilan shug‘ullangan degan shikoyat tushgan.

Boshpana izlovchilar Umid O‘rinboyev va Fazliddin Umarovlar Olmaota ichki ishlar departamenti tomonidan qo‘lga olingan.

Umid O‘rinboyevning pasporti yo‘qolgan bo‘lgan, lekin Olmaota migratsiya qo‘mitasi tomonidan berilgan hujjati bo‘lgan.

Umid O‘rinboyevni taniydigan qochqinning aytishicha, Umidning qo‘lida migratsiya qo‘mitasi tomonidan migratsiya politsiyasi berilgan yo‘llanma bo‘lgan. Biroq, politsiya ushbu qog‘oz bo‘lishiga qaramasdan, undan shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar talab qilgan.

Olmaota migratsion qo‘mitasi Umidning shaxsini tasdiqlashdan va uning boshpana izlovchi ekanligini aytishdan bosh tortgan. Bu ish bo‘yicha yugur yugur qilib yurgan do‘sti Sheraliga ko‘ra, hanuz biror yechim topilmagan.

BMTning Qochqinlar bilan ishlash oliy komissarligi va migratsiya qo‘mitasidan bu borada biror izoh olishning imkoni bo‘lmadi. Ammo Olmaota migratsiya qo‘mitasi Umid O‘rinboyevning yaqinlariga uning komissiyadan rad javobi olganligini, shuning uchun himoya qilmasligini aytgan.

Qochqinlarning huquqini himoya qilish bilan shug‘ullanadigan yurist Denis Jivaganing aytishicha, Qozog‘iston qonunlari bo‘yicha kishining shaxsi tasdiqlanmagan taqdirda bir oyning ichida hibsdan ozod qilinishi kerak.

-Qonun bo‘yicha bir oygacha ma‘muriy hibsda ushlab turishlari mumkin. Keyin qo‘yib yuborishadi. Agar u boshqa davlat fuqarosi bo‘lsa, hujjatari bor bo‘lgan taqdirda Qozog‘istondan chiqarib yuborishlari mumkin. Hujjatlari bo‘lmasa Qozog‘istondan chiqarib yuborishga haqlari yo‘q, deydi Denis Jivaga.

Yana bir boshpana izlovchi Fazliddin Umarov ham Umid bilan bir kunda ushlangan. Unga firibgarlik bilan shug‘ullangan degan ayb qo‘yilmoqda. Shikoyatni Qozog‘iston fuqarosi yozgan.

Fazliddining hozir qayerda saqlanayotgani va kim tomonidan bunday shikoyat berilgani haqidagi batafsil ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi. Olmaota shahar ichki ishlar departamenti matbuot xizmati izlanishlar davomida uning qayerda saqlanayotgani borasida ayni damgacha biror ma‘lumot berolmasligini aytdi.

Biroq Fazliddinni yaqindan taniydiganlar uning firibgarlik qilishiga ishonmasligini aytishadi.

- Unaqa birovni aldab ketadigan bola emas edi. Uylarni ta‘mirlash ishlari bilan shug‘ullanardi. Og‘zaki shartnoma tuzib ishini qilib bergach, pulini olib yurardi, deydi Fazliddining tanishlaridan biri.

BBCUZBEK.COM tahririyati SMS raqami +447786201124