Nefti bo‘lgan O‘zbekistondagi benzin taqchilligi nimadan dalolat qiladi?

Ayrim mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, kelasi yildan boshlab O‘zbekistonning tashqi neftga bo‘lgan ehtiyoji ortib borishi mumkin.

Ularning baholari butun O‘zbekiston bo‘ylab benzin ta‘minotidagi uzilishlar odatiy tus olib borayotgan bir manzarada yangramoqda.

Benzin taqchilligi bilan bog‘liq ahvol, ayniqsa, viloyatlarda jiddiy ekani aytiladi.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, mavjud vaziyat davlat narxi 1.220 so‘m bo‘lgan benzinning ikki, uch baravar qimmatlab ketishiga sabab bo‘lgan.

Benzin ta‘minotidagi jiddiy uzilishlar tufayli odamlar o‘z mashinalarini haftalab minmay qo‘yishga ham majbur bo‘lishayotgan ekan.

Tahlilchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, kelasi yildan boshlab O‘zbekistonning chetdan 4 million tonnadan ortiq benzin sotib olishiga to‘g‘ri kelishi mumkin.

O‘zbekiston o‘z neftь zaxiralariga ega bo‘lsa-da, mavjud tabiiy resurslari o‘z ichki ehtiyojini qondirish darajasida benzin ishlab chiqarishga imkon bermasligi aytiladi.

O‘rtaga surilayotgan boshqa bir farazlarga ko‘ra, O‘zbekistonda yoqilg‘i taqchilligi bilan bog‘liq vujudga kelgan vaziyatga asosan neftь va gaz savdosi bilan shug‘ullanib kelgan Zeromax shirkatining kasodga uchragani sabab bo‘lgan.

O‘zbekiston asosan Qozog‘istondan neftь sotib oladi. Endi esa, O‘zbekistonga o‘z neftini taklif etishi mumkin bo‘lgan davlatlar sifatida Rossiya, Turkmaniston va Ozarbayjon ham tilga olinmoqda.

Biz mavjud vaziyatga oydinlik kiritish uchun o‘zbekistonlik mustaqil tahlilchi Jahongir Shosalimovni suhbatga tortdik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди