Noqonuniy diniy oqimlar g‘oyalarini o‘rganish jinoyatmi?

Image caption Mahkamaga tortilayotganlar Toshkent viloyatidagi Chirchiq shahri va Qibray tumanida istiqomat qilgan insonlar.

O‘zbekistonda o‘tayotgan navbatdagi mahkamada ayblanuvchilarning "Hizbut-tahrir", Vahhobiylik oqimi g‘oyalarini o‘rgangani uchun jinoiy javobgarlikka tortilganlari haqida so‘z boradi.

Norasmiy O‘zbekiston Inson huquqlari himoyachilari Tashabbus guruhi xabar qilishicha, 1 noyabrda Toshkent viloyat mahkamasida o‘n fuqaro ustidan mahkama boshlangan.

Mahkamaga tortilganlar orasida Chirchiq shahridagi masjid imomi, sobiq Qibray tuman kengashi deputati bor.

Ayblanuvchilarni mahkama binosiga olib kelish va olib ketishda ularni avtomat qurollari bilan qurollangan militsiya xodimlari kuzatmoqda, chetdan qaragan odamlarda o‘ta og‘ir jinoyatni sodir etganlarni sud qilishayotgandek taassurot uyg‘onadi.

O‘zbekiston Inson huquqlari Tashabbus guruhiga ko‘ra, mahkamaga tortilayotganlar Toshkent viloyatidagi Chirchiq shahri va Qibray tumanida istiqomat qilgan insonlar.

Ular Chirchidagi "Amir o‘g‘li Hasanboy" masjidida yig‘ilganlar, yig‘ilgan paytlarida O‘zbekistonda noqonuniy hisoblanadigan "Hizbut-tahrir" firqasi, Vahhobiylik va Islom dinidagi boshqa oqimlar g‘oyalarini muhokama etganlar.

Tashabbus guruh rahbari Sur‘atbek Ikromovning aytishicha, o‘n inson ustidan ochilgan jinoiy ishda ular noqonuniy diniy oqim g‘oyalarini o‘rgangani uchun javobgarlikka tortilayotgani aytiladi.

Biroq ularni O‘zbekiston Jinoiy kodeksining 244-bandi - noqonuniy diniy tashkilot faoliyatida ishtirok etishda ayblashgan.

Inson haqlari himoyachilariga ko‘ra, Toshkent viloyat mahkamasida boshlangan mahkamada ayblanuvchilar o‘zlariga qo‘yilgan ayblarni rad etganlar.

Qarindoshlari dastlabki tergov paytida ayblanuvchilar iqrorlik ko‘rsatmasini imzolashga majbur qilinganlari haqida aytganlar.

O‘zbekistonda 1999, 2004 yillardagi Toshkent shahridagi portlashlar ortidan noqonuniy diniy guruhlar tuzish, noqonuniy diniy tashkilotlarga a‘zolik ayblovlari bilan mahkama jarayonlari ko‘paygan.

Mahalliy va xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari ko‘plab begunoh insonlar qiynoqlar ostida O‘zbekistonning konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish, turli diniy guruhlarga a‘zolik ayblarini bo‘ynilariga olgani asosiga qurilgan mahkamalarni qoralagan.

Bunday mahkamalar O‘zbekiston barcha hududlarida bo‘lib o‘tgan.

Inson haqlari faollari O‘zbekistoning qamoqxonalarida bir necha ming vijdon tutquni mamlakat qonunlari buzilgani holda saqlab turilgani masalasini ko‘tarib chiqqanlar.

Qamoqxonadagi qiynoqlar, noinsoniy sharoit va xastalik tufayli hayotdan ko‘z yumgan mahbuslar jasadlari ko‘p sonli militsiya xodimlari qurshovida, yaqinlariga tezroq ko‘mish bosimi bilan dafn etilayotgani holatlari bu haqdagi axborotni yashirish maqsadi ko‘zlanganiga qaramasdan, xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari e‘tiboriga tushgan.