Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida tovar almashuvi keskin kamaygan: Kimga foyda, kimga zarar?

Joriy yilda Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida tovar almashtirish 2009 yilga qaraganda 64 foizdan ko‘proq kamaygan.

Boshqacha aytganda, bu 100 million dollardan ko‘proqni tashkil etadi.

Shu paytgacha Tojikiston uchun eng yaqin savdo sheriklaridan biri O‘zbekiston sanalardi.

O‘zbekistondan Tojikistonga tsement, oyna kabi qurilish ashyolari, yonilg‘i-moylash ashyolari, mineral o‘g‘itlar yetkazib berilardi.

Lekin keyingi bir yilda faqat bu tovarlar emas, balki boshqa mollarni yetkazib berish ham keskin kamayib ketdi.

Tojikistonlik kuzatuvchilarning aytishlaricha, ikki mamlakat o‘rtasida oldi-berdi kamayib ketishining qator iqtisodiy va siyosiy sabablari bor.

Siyosiy masalalar bo‘yicha tahlilchi Abdug‘ani Mamadazimovning "Avesta" veb sahifasiga aytishicha, "Tovar almashuvining kamayib ketishiga jumladan suv-energiya resurslaridan foydalanish borasida ikki o‘rtada yuzaga kelgan kelishmovchiliklar ham sabab bo‘lgan. Bu "temir izlar urushi," deb atala boshlangan holatga, ya‘ni O‘zbekiston hududidan Tojikiston yuk vagonlarini o‘tkazish muammolari paydo bo‘lishiga olib keldi," deb hisoblaydi tahlilchi.

Tahlilchining fikricha, aslida ikki mamlakatning imkoniyatlari, ularning bir-biriga yaqin qo‘shniligiga ko‘ra savdo-iqtisodiy aloqalari yaxshi tomonga o‘zgarishi mumkin edi.

"Masalan, o‘zbek tadbirkorlari Tojikistonda biznes yuritishni istashadi, lekin ular o‘z mamlakatlari siyosiy rahbarlarining qosh-qovog‘iga qarab tojik bozoriga kirishga tavakkal qila olmayotirlar," deydi Abdug‘ani Mamadazimov

Tahlilchining fikricha, keyingi ikki yilda energetika sohasida hamkorlikning boshqacha tus olishi ham ikki o‘rtadagi tovar almashuvinining kamayishiga olib kelgan.

"Rog‘un GESi loyihasi va qurilishi borasidagi turli xil qarashlar bois keyingi ikki yilda bu sohadagi hamkorlikka ham raxna solindi. Ilgaridan mavjud bo‘lib kelgan elektr energiyasi almashuv rejasi amalga oshirilmayapti. Ustiga O‘zbekistondan tabiiy gaz yetkazib berish hajmi kamayib ketdi," deydi A. Mamadazimov.

Uning aytishicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy yo‘nalishdagi vaziyat Rog‘un GESining birinchi navbati ishga tushirilgach va Qashqar (Xitoy)- Hirot (Afg‘oniston) temir yo‘li loyihasi amalga oshirilgandan keyingina yaxshilanishi mumkin.

Lekin tahlilchining fikricha, u paytga borib Tojikiston uchun yaqin hamkorlar Xitoy, Afg‘oniston va Eron bo‘lib qolishi mumkin.

"Qashqar- Hirot" temir yo‘li loyihasi haqida gapirar ekan, Abdug‘ani Mamadazimov qurilish undan manfaatdor Xitoy va Eron mablag‘i hisobiga amalga oshirilishini ta‘kidladi.

Ayni bir paytda tojikistonlik oddiy dehqonlar va bog‘bonlar ham ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning tezroq iliqlashuvini kutishmoqda.

"Biz O‘zbekistonga kartoshka olib borib sotardik, u yerdan bizga ertagi bodring, qovun-tarvuz kabi mahsulotlarni olib kelishardi. Lekin o‘rtada chegaralar yopilgach, biz O‘zbekistonga bormay qo‘ydik, ular bizga kela olishmayapti," deydi G‘onchi tumanida yashaydigan dehqon Bahodir Mahmudov.

Lekin mahalliy kuzatuvchilarning aytishlaricha, baribir kam miqdorda bo‘lsa-da, O‘zbekistondan Tojikistonga poliz mahsulotlari, Tojikistondan O‘zbekistonga chorva mahsulotlari o‘tkazib sotish mavjud.

Hatto Sug‘d viloyatining Isfara shahrida sotilayotgan shundaygina "qo‘l uzatsa yetgudek" qo‘shni Farg‘ona viloyatining Oltiariq uzumi Tojikistonga Qirg‘iziston orqali keltirilmoqda.

Biroq bu oldi-sotdi ko‘proq noqonuniy tusda amalga oshirilgani, tovarlar yashirincha yo‘llar bilan o‘tkazilgani bois, narx anchagina ko‘tarilgan.

Chunki chegaraning har ikki tomonida turadigan chegarachi va bojxona xodimlaridan tortib militsiya mulozimlarigacha ta‘magirlik hisobiga yashirin o‘tkazilayotgan molga ko‘z yumib turishadi.