Strasburg mahkamasi yana bir o‘zbekistonlikning Toshkentga topshirilishiga qarshi

Qarorgohi Strasburgda joylashgan Inson haqlari bo‘yicha Ovro‘po mahkamasi Rossiyaning o‘zbekistonlik boshpana izlovchi Davronbek Xo‘jamberdiyevni O‘zbekiston huquq-tartibot tizimlari qo‘liga topshirish qarorini muzlatish haqida qaror chiqargan.

Bundan o‘n yil muqaddam vatanini tark etgan Davronbek Xo‘jamberdiyev O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari talabi bilan shu yil boshida Rossiyaning Saratov shahrida hibsga olingan.

Uni O‘zbek rasmiylari mamlakat konstitutsion tuzumiga tajovuz qilishda ayblashgan.

Strasburg mahkamasi o‘tgan hafta boshida Rossiya hukumatiga 2006 yilda O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan va u yerda noqonuniy diniy firqaga a‘zolikda ayblanib, besh yarim yilga ozodlikdan mahrum etilgan Rustam Mo‘minovni topib, unga 20 ming yevro tovon puli to‘lash majburiyatini yuklagan.

BBC Davronbek Xo‘jamberdiyev ishini yaqindan kuzatayotgan rossiyalik huquq himoyachisi Yelena Ryabinina bilan suhbatlashdi.

Yelena Ryabinina: Davron Xo‘jamberdiyev Rossiyaning Samara shahrida fevralь oyida hibsga olinadi. U O‘zbekistonni 2000-yilda tark etgan esa-da, oradan olti yil o‘tib, uni O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish, ekstremistik tashkilotga a‘zo bo‘lish kabi an‘anaviy va o‘ta be‘mani jinoyatlarda ayblab qidiruv e‘lon qilishgan. Xullas, uni o‘zi yashab yurgan Saratov shahrida qamoqqa olishadi. Davron Xo‘jamberdiyev boshpana so‘rab murojat qiladi, rad javobi beriladi. Rossiya Bosh prokuraturasi esa uni O‘zbekistonga topshirish qarorini oladi. Ushbu qaror ilk mahkamada o‘zgarishsiz qoldiriladi. Advokatlar va xalqaro inson huquqlari tashkilotlarining Davron O‘zbekistonga qaytarilsa qiynoqlarga solinishi haqidagi vajlariga qaramasdan, Bosh prokuratura qarori kuchda qoladi. Mazkur qarorga nisbatan shikoyat arizasini kiritishadi. Oliy mahkama ushbu shikoyatni shu kunlarda ko‘rib chiqishi kerak edi. Ammo Strasburg mahkamasi ushbu ishni muzlatib qo‘yishga buyruq berdi. Bu vaziyat aniqlashgunga qadar Ovro‘po mahkamasi chiqargan qarordir.

BBC: Uning bajarilishi Rossiya huquq-tartibot idoralariga majburiymi?

Yelena Ryabinina: Bu bajarilishi shart bo‘lgan qaror. Rossiya avvalroq yana bir O‘zbekiston fuqarosi Rustam Mo‘minov ishidagi qarorni buzgan edi va bu haqda o‘tgan hafta Ovro‘po mahkamasi 20 ming yevro to‘lov to‘lash haqida qaror qabul qildi. Rustam Mo‘minov ma‘muriy jazo sifatida Rossiyadan chiqarib yuborilgan va O‘zbekiston hukumati qo‘liga topshirilgan edi.

BBC: So‘nggi yillarda Ovro‘po mahkamasi ko‘plab O‘zbekiston fuqarolariga tovon puli to‘lash haqida qarorlar chiqardi. Bu qarorlar Rossiya hukumatini sal bo‘lsa-da cho‘chitib qo‘ydi, deb ayta olasizmi?

Yelena Ryabinina: Yo'q, yo‘q aslo. Faqat bir narsa o‘zgardi. U ham bo‘lsa, O‘zbekiston fuqarolarini ekstraditsiya qilish tartibi bir oz qiyinlashdi, xolos. Ammo bu ham katta va jiddiy o‘zgarish deb o‘ylayman. Shunday esa-da, o‘zbekistonliklarni vatanlariga qaytarish hollari kamaygani yo‘q, afsuski.

BBC: Bu Rossiyada huquq-tartibot idoralari ichida muvofiqlashtirishning yo‘qligidanmi yoki Rossiya hukumati idoralarining xalqaro mahkama qarorlarini nazar-pisand qilmasligidanmi?

Yelena Ryabinina: Men o‘ylashimcha, bu ham Rossiya Bosh prokuraturasi, ham Oliy Sud va ham, mantiqan olib qaraganda, Fedreal Xavfsizlik xizmatining qat‘iy mavqei. Chunki tovon pullari ularning cho‘ntagidan emas, balki oddiy Rossiya fuqarolari soliqlari hisobidan to‘lanadi. Hozirga qadar 500 ming Yevroga qadar tovon puli berildi. Ammo Rossiya hukumatining mavqesi o‘zgargani yo‘q. Ular aftidan toshkentlik hamkasblarini ranjitib qo‘yishni istamaydiganga o‘xshaydi.