O‘zbekiston Xitoydagi Osiyo O‘yinlarida yana kumush va bronza medali oldi

Xitoyda bo‘lib o‘tayotgan 16-Osiyo O‘yinlarining uchinchi kunida o‘zbekistonlik sportchilar bir kumush va bir bronza medalini qo‘lga kiritishdi.

Dzyudo bo‘yicha bellashuvlarda 66 kg vaznda Mirzohid Farmonov O‘zbekiston milliy terma jamoasiga to‘rtinchi kumush medalini keltirdi.

73 kg vaznda o‘zbekistonlik dzyudochi Navro‘z Jo‘raqobilov Osiyo O‘yinlarining bronza medalini olishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 4 ta kumush va 4 ta bronza medali bilan hozircha medallar ro‘yxatida 12-o‘rinda bormoqda.

Qozog‘istonlik sportchilar bugun ayollar va erkaklar o‘rtasida o‘q otish bo‘yicha bellashuvlarda 2 ta kumush va 1 ta bronza medali olishdi.

Vladislav Polyakov esa, suzish bo‘yicha o‘z milliy terma jamoasiga kumush medali keltirdi.

Bu bilan ularning hisoblaridagi medallar soni 11 taga yetdi.

Qozog‘istonlik sportchilar so‘nggi natijalari ortidan medallar jadvalida 11-o‘ringa ko‘tarilishdi.

73 kg vaznda tojikistonlik dzyudochi Rasul Boqiyev o‘z milliy terma jamoasiga ilk bronza medalini keltirdi.

Bugun dzyudochilar orasida bo‘lib o‘tgan bellashuvlarda barcha oltin medallar Janubiy Koreya va Yaponiya vakillariga nasib etdi.

90 dan ortiq medalni qo‘lga kiritishga ulgurgan Xitoy hamon medallar ro‘yxatida peshqadamlik qilmoqda.

Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Janubiy Koreya va Yaponiya egallab turishibdi.

Mezbonlarning oliymaqom ko‘rsatkichlariga qaramay, aksariyat stadionlardagi o‘rinlar bo‘sh ekani aytiladi.

Mavjud vaziyatdan tashvishga tushgan mahalliy mulozimlar yana 400.000 ta chiptani sotuvga chiqarishgan.

Ularning aytishlaricha, homiylarga berilgan chiptalar o‘zini oqlamagan.