Hibsda saqlanayotgan G‘aybulla Jalilov eshitmay qolgan

Image caption O‘zbekiston madhiyasini ayta olmagani uchun G‘aybulla Jalilovni to‘qmoq bilan urishgan

Qashqadaryodan olingan xabarlarga ko‘ra, tutqunlikda saqlanayotgan inson huquqlari faoli G‘aybulla Jalilovning qulog‘i kar bo‘lib qolgan.

Bu haqda inson huquqlari faolining turmush o‘rtog‘i Muqaddas Temirovaga ozodlikka chiqqan sobiq mahbuslardan biri ma‘lum qilgan.

Muqaddas Temirova aytishicha, oddiy odamlar "Shayxali" qamoqxonasi deb biladigan Qarshi shahriga yaqin jazoni ijro etish muassasasida mahbuslarni O‘zbekiston madhiyasiga jo‘r bo‘lib kuylashga majbur etadilar.

Ana shunday tonggi "gimn ayttirish" tadbiri paytida G‘aybulla Jalilov madhiya ayta olmagan.

Shuning uchun muassasa nozirlaridan biri qo‘lidagi to‘qmoq bilan G‘aybulla Jalilovning qulog‘iga urgan.

Bu hodisaning guvohi bo‘lgan mahkumning aytishicha, zarba oqibatida G‘aybulla Jalilov hushidan ketgan, qulog‘idan qon oqqan.

Shundan keyin u eshitish qobiliyatini yo‘qotgani xabar qilingan.

O‘zbekistonlik inson huquqlari himoyachilari jazoni ijro etish muasssasalarida mahkumlarni bajarishga majbur etiladigan noinsoniy vazifalar haqida ko‘p marta xabar qilishgan, biroq O‘zbekiston madhiyasini majburlab ayttirishning salbiy oqibatlari borligiga ham e‘tibor qaratilmoqda.

Qamoqxona nozirlarining qamoqxonadagi insonga o‘zining ixtiyoriga qarshi har kuni mamlakat madhiyasini ayttirishi O‘zbekistonga, O‘zbekistonning muqaddas ramzlariga nisbatan mehr-muhabbat emas, nafrat shakllantirishi mumkinligi haqida aytilmoqda.

bu yerga bosing Mahkumga madhiya ayttirish O‘zbekistonga muhabbatni kuchaytiradimi?

O‘zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati faoli G‘aybulla Jalilov o‘tgan yili kuzida Qarshi shahrida hibsga olingandi.

Rasmiy ayblovda uning "davlatga qarshi til biriktirgani" iddao qilingan.

G‘aybulla Jalilov shu yil boshida Buxoroda bo‘lib o‘tgan yopiq mahkamada to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

O‘zbekiston Inson huquqlari jamiyatining Qashqadaryodagi faollaridan biri Gulshan Qorayeva G‘aybulla Jalilov ahvolini kuzatib bormoqda, Bi-bi-si undan so‘nggi hodisa haqida so‘radi.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди