Mahkumga madhiya ayttirish O‘zbekistonga muhabbatni kuchaytiradimi?

Image caption O‘zbekiston qamoqxonalari mahkumlarga nisbatan noinsoniy muomalalari bilan dunyoga tanilgan

O‘zbekistondagi jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan insonlarga g‘ayriixtiyoriy mamlakat madhiyasini kuylatishning salbiy oqibatlari haqida fikrlar bildirilmoqda.

So‘nggi xabarga ko‘ra, O‘zbekistonning Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri yaqinidagi "Shayxali" qamoqxonasi nomi bilan tanilgan jazoni ijro etish muassasasida O‘zbekiston davlat madhiyasini mahkumlarga majburan kuylatish paytida ko‘ngilsiz hodisa yuz bergan.

Qamoqxonada saqlanayotgan O‘zbekiston Inson huquqlari jamiyatining faoli G‘aybulla Jalilov madhiyani ayta olmagan, qamoqxona nozirining uning qulog‘iga to‘qmoq bilan urishi oqibatida hushidan ketib yiqilgan.

Ushbu jazoni ijro etish muassasasidan ozodlikka chiqqan mahbus aytishicha, G‘aybulla Jalilov quloqlaridan qon oqib, shundan so‘ng u eshitmay qolgan.

O‘zbekistonlik inson huquqlari himoyachilariga ko‘ra, qamoqxonada saqlanayotgan insonlar ba‘zan shafqatsizlik bilan O‘zbekiston madhiyasini kuylashga majbur etiladilar.

Faollar madhiyaning matnini bilmagani yoki boshqa millat vakili bo‘lgani sababidan tili kelishmasdan ovoz kechaytirgich orqali qo‘yilgan madhiyaga jo‘r bo‘lmagan mahkumlarning kaltaklangani, yiqilganidan keyin ham nozirlar tomonidan tepilgani hollaridan xabardor ekanini aytadilar.

O‘zining uyi O‘zbekistondagi qamoqxonalardan biriga yaqin joylashganini aytadigan inson "qishning sovuq qorong‘i tongida mahkumlar jo‘r bo‘lib kuylayotgan baland madhiya ovozidan etim junjikib uyg‘onaman", deydi.

Shu yil aprelida Toshkentdagi Ekspert Ishchi guruhi davlat mahiyasini kuylatishning shafqatsiz usullari haqida xabar tarqatgan edi.

Qashqadaryo viloyatidagi ikki qamoqxonada bir necha diniy mahbus O‘zbekiston madhiyasini aytishdan bosh tortganligi uchun qolgan hamma mahbuslar uni kuylashga majbur qilingan, deb xabar qilgan Ekspert Ishchi guruhi.

"Qamoqxona nazoratchilari avvaliga u yerda turgan 80 ga yaqin mahbusni rosa kaltaklashgan, keyin bir necha soat davomida ularga madhiya ayttirishgan," deyiladi tashkilot tarqatgan xabarda.

Taniqli inson huquqlari himoyachisi Tolib Yoqubov aytishicha, O‘zbekiston qamoqxonalaridagi insonga o‘zining ixtiyoriga qarshi har kuni mamlakat madhiyasini ayttirishi O‘zbekistonga, O‘zbekistonning muqaddas ramzlariga nisbatan mehr-muhabbat emas, nafratni shakllantirishi mumkin.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди