O‘zbekistonda 1 dekabrdan eng kam ish haqi 49 ming so‘m bo‘ladi

Image caption O‘zbekistonda maosh va pensiyalar oshirilishi haqidagi xabar narx-navo oshishiga sabab bo‘ladi

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov shu yilning 1 dekabridan eng kam ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini oshirish haqida farmon chiqargan.

Prezident farmoniga ko‘ra, mamlakatda eng kam ish haqi 49735 so‘m yoki valyutaning "qora bozor" kursida 20 AQSh dollaridan ziyodroqni tashkil etadi.

Hozirgi paytda O‘zbekistonda eng oz maosh 45215 so‘m etib belgilangan, mamlakat rahbarining farmoniga ko‘ra, ish haqi 10 foiz oshiriladi.

1 dekabrdan O‘zbekistonda yoshga doir pensiya hamda bolalikdan nogiron insonlarning oylik nafaqasi miqdori eng kamida 97285 so‘m yoki 40 dollarni tashkil etishi ko‘zda tutilgan.

Shu paytgacha eng oz pensiya va nafaqa 88845 so‘m bo‘lib, ular ham 1 dekabrdan 10 foizga oshadi.

Prezident farmonida maosh va nafaqalar "aholining daromadlari va turmush darajasini yanada muttasil oshirib borish, fuqarolarga ijtimoiy madadni kuchaytirish maqsadida" oshirilayotgani ta‘kidlangan.

Ammo O‘zbekistondagi vaziyatdan boxabar kishilar eng oz maosh va pensiyalar miqdori oshirilishi haqidagi xabarning paydo bo‘lishiyoq narx-navo ko‘tarilib ketishiga sabab bo‘lishini yaxshi bilishadi.

O‘zbekiston prezidentining yangi farmoni haqida axborot tarqatgan Uzmetronom sayti shunday yozadi: "Oldingi eng kam ish haqi, pensiya va nafaqalar oshirilgandagi tajribadan odamlar yaxshi bilishadiki, endi hamma tovarlarning uzoq muddatli va ancha salmoqli qimmatlashiga tayyorgarlik ko‘rish kerak".

Oddiy odamlar ish haqlari oshirilishi haqidagi xabarni xursandchilik bilan emas, xavotir bilan qarshilashlarini aytishadi.

Avvalgi yillarda eng kam ish haqi 10 foiz ko‘paytirilganidan keyin jamoat transporti yoki kommunal xizmatlar ayrim turlari uchun haqlar 16 yoki 20 foizga yaqin oshgani kuzatilgan.

Bu qimmatlashuvlar ko‘p hollarda prezident farmonida ko‘zda tutilgan oshirilgan maoshni ishchi-xizmatchilar o‘z qo‘llariga olmasdan turib yuz bergan.

Bundan oldin O‘zbekistonda ish haqlari shu yilning 1 avgustida oshirilgan edi.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov o‘zining Mustaqillik bayrami tantanalaridagi ma‘ruzasida 2010 yil oxirigacha mamlakatda o‘rtacha maoshni 500 AQSh dollari miqdoriga yetkazishga va‘da bergan.