'Chegara bilmas muxbirlar' Abdumalik Boboyevni tashlab qo‘ymasligini aytmoqda

Appelyatsion mahkamaning o‘tgan oygi mahkama hukmini o‘z kuchida qoldirishi qarori ortidan "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti o‘zbekistonlik jurnalist Abdumalik Boboyevdan dastagini ayamasligini bayon qilgan.

Bir necha yildan buyon "Amerika ovozi" radiosining shtatsiz muxbiri bo‘lib ishlab kelgan Abdumalik Boboyev O‘zbekistonda qolayotgan sanoqli mustaqil jurnalistlardan biridir.

O‘tgan oy Toshkent shahar mahkamasi jurnalistni tuhmat qilish, o‘zbek xalqini haqoratlash va jamoat xavfsizligiga tahdid solishda aybdor deb topib, 10.000 AQSh dollari miqdorida jarimaga tortish xususida hukm chiqargandi.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, ko‘zda tutilgan jarima miqdori jurnalistning oylik maoshidan 400 barobar ko‘pdir.

Abdumalik Boboyevning "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining so‘nggi bayonotiga munosabatini bu yerda tinglashingiz mumkin bo‘ladi:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

Jurnalist Boboyev o‘ziga qo‘yilgan birorta ham aybni tan olmagan va shikoyat mahkamasida butkul aybsiz ekanligini isbotlashga umid qilayotgandi.

"Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining aytishicha, Abdumalik Boboyevning ishi o‘zbekistonlik rasmiylarning jurnalistlarga jinoyatchi sifatida qarashlarini aks ettiradi va uning yakkayu-yagona qilgan jinoyati muxbir sifatida faoliyat olib borishi bo‘lgan, xolos.

Xalqaro tashkilot o‘zining so‘nggi bayonotida jurnalist Boboyev bilan oktyabr oyida qilgan suhbatiga ham qisqacha to‘xtalib o‘tadi.

Aytilishicha, Abdumalik Boboyev hukm etilishi ortidan O‘zbekistonda shundoq ham sanoqli bo‘lgan mustaqil jurnalistlarning soni kamayib ketishidan xavotirda ekanini bildirgan. Shuningdek, o‘zining aybsiz ekanligini isbotlash uchun so‘nggiga qadar kurash olib borishini ham aytgan.

12 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan appelyatsion mahkama jarayonini Amerika, Britaniya vakillari, jurnalistlar va inson huquqlari faollari ham kuzatib borishgandi.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, appelyatsion mahkama bor-yo‘g‘i 10 daqiqaning ichida quyi mahkamaning hukmini o‘z kuchida qoldirish qaroriga kelgan.

Endi esa, jurnalist Abdumalik Boboyevning himoyachisi O‘zbekiston Oliy mahkamasiga shikoyat arizasi bilan chiqish niyatida ekanliklarini aytmoqda.

Mahkama tinglovi ortidan Amerika elchiligi o‘z fikrini erkin ifodalagani uchun jurnalistlarni jazolashda jinoyat adliya tizimidan foydalanishni qoralab, bu-O‘zbekiston konstitutsiyasi va rasmiy Toshkent o‘z zimmasiga olgan xalqaro mas‘uliyatlariga zid amal ekanini aytgandi.

Yaqinda jurnalist bilan Toshkentda uchrashgan AQSh Davlat kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Robert Bleyk uning taqdiriga bee‘tibor emasliklariga ishontirgandi.