AQSh Davlat departamenti hisobotini O‘zbekiston jiddiy qabul qiladimi?

AQSh Davlat departamentining diniy erkinliklar vaziyati yuzasidan chiqargan bu yilgi hisobotida O‘zbekiston "xavotir uyg‘otuvchi" davlatlar qatorida keltirilgan.

Umumjahon va xalqaro qonunchilikda har bir mamlakat o‘z fuqarolarining e‘tiqodlariga muvofiq amallarini oshkorona, erkin va to‘liq holda ravishda ado eta olishlari uchun imkon va sharoit yaratishi lozimligi ko‘zda tutilgan.

Bu yilgi hisobot AQSh Prezidenti Barak Obamaning "diniy kamsitish qarshisida qolayotganlarni doimo qo‘llaylik", degan chaqirig‘i bilan boshlanadi.

Avvalgi yillar kabi, hisobot bu safar ham O‘zbekistonni diniy erkinliklarni eng qattiq toptovchi davlatlar sirasiga kiritgan.

Lekin O‘zbek jamiyati va bu yerdagi turli diniy guruhlar aslida boshqa dinlarga nisbatan bag‘rikeng, deyiladi hisobotda.

Lekin, deydi hisobot, 1998 yilgi e‘tiqod erkinligiga oid qonun diniy guruhlar huquqini qisqartirib, ularning ro‘yxatdan o‘tishini cheklaydi.

Masalan, diniy adabiyotlarin keltirish va yoki tarqatish, xususiy diniy ta‘lim berish jinoiy harakat sanaladi.

Masalan, Turkiyadagi Islomiy guruh - "Nur"chilarning 141 a‘zosini O‘zbek hukumati ekstremist deb atagan va ularni 12 yilgacha qamoq jazolariga hum etgan.

"Akromiya" guruhi ham 1997 yildan beri ta‘qib etilmoqda, deyiladi Davlat departamenti hisbotida.

Militsiya Nasroniy va Bahoiylar ibodat qilayotgan chog‘i bosqinlar o‘tkazgani ham qayd etiladi.

Kichik diniy guruh vakillariga ko‘ra, ularga katta jarimalar solinadi va yo qisqa muddatga qamoqqa tashlanishadi.

Ko‘plab kichik diniy guruhlar qonundagi talablarga to‘g‘ri kelmagani uchun ro‘yxatdan o‘ta olmaydilar.

Hisobotda diniy huquqi kamsitilgan qator shaxslarning nomlari ham keltirilgan.

Ular orasida shu yil boshida jihodchi deya olti yilga hukm etilgan mashhur Islom dini va futbol sharhlovchisi Xayrullo Hamidov ham bor.

Janob Hamidovga jamoat tartibini buzish yo‘lida noqonuniy adabiyotlarni tarqatgan kabi ayblovlar ham qo‘yilgan.

Hisobotga ko‘ra, AQSh hukumati inson huquqlari bir qismi sifatida diniy erkinliklarni mubohasa etish uchun O‘zbek hukumati bilan bevosita muloqotga kirishadi.

Ayni damda Amerika O‘zbek hukumatiga chaqiriq bilan chiqib, ko‘proq diniy erkinlik berish, ko‘proq masjidlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va mustaqil dindorlarga umumiy avf e‘lon qilish kerak demoqda.

Xususan, diniy bag‘rikenglik va siyosiy xavfsizlik o‘zaro bir-biri uchun muhimligi ham urg‘ulanadi.

Xalqaro va mahalliy inson huquqlari himoyachilari o‘zbekistonlik musulmonlarning faqat namoz o‘qigani yoki ro‘mol o‘ragani uchun O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik xizmati, militsiya tomonidan bosimga uchrayotgani hollari shu kecha-kunduzda ham davom etayotganini urg‘ulaydilar.

Musulmonlarning oddiy huquqlari poymol etilayotgan bir paytda O‘zbekistondagi kichik diniy guruhlarning huquqlari poymol etilayotgani haqida gapirish erish tuyuladi, deydi mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘lgan taniqli ulamo Obidxon qori Nazarov.

AQSh Davlat departamentining bu kabi tanqidiy hisobotlaridan O‘zbekiston rasmiylari tegishli xulosa chiqaradilarmi, degan savolga Obidxon qori salbiy javob qaytaradi.

Taniqli ulamo fikricha, bu kabi hisobotlardan "biz tanqid qilaveramiz, sen o‘zingning ishingni javom ettiraverasan" qabilidagi xulosa kelib chiqadi.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди