Osiyo O‘yinlari: O‘zbekistonlik dzyudochi kumush medalidan mosuvo etildi

O‘zbekistonlik dzyudochi Shokir Mo‘minov doping sinovidan o‘tolmagani uchun Xitoyda bo‘lib o‘tayotgan 16-Osiyo O‘yinlarida olgan kumush medalidan mosuvo etildi.

Xabarlarga ko‘ra, uning peshobidan sportchilar uchun taqiqlangan methylhexaneamine moddasi topilgan.

Shokir Mo‘minov o‘tgan yakshanba kuni 81 kg vaznda janubiy koreyalik raqibiga yengilib, Osiyo O‘yinlarining kumush medalini qo‘lga kiritgandi.

Ayni shu stimulyator modda butun dunyo bo‘ylab doping bilan bog‘liq mashmashalarning diqqat-markazida bo‘lib kelmoqda.

Hamda ko‘plab sportchilar va murabbiylarning ham xavotirlariga sabab bo‘layotir.

Yuz bergan hodisadan xitoylik tashkilotchilarning hafsalalari pir bo‘lgan. Chunki ular 16 -Osiyo O‘yinlarini dopinglarsiz o‘tkazishga umid qilishayotgandi.

Yaqindagina avstraliyalik olti nafar sportchi, janubiy afrikalik ikkita regbichi, hindistonlik bir nechta kurashchilar va yana ikki nafar suzuvchi aynan ana shu modda bilan bog‘liq mashmashalar girdobida qolib ketishgandi.

Asosiy muammo shundaki, ushbu modda turli xil nomlar ostida deyarli har qanday qo‘shimcha mahsulotlarning tarkibida bo‘lgani uchun uni aniqlash qiyin hisoblanadi.

Tanani kuchlantiruvchi methylhexaneamine moddasi shu yilning boshida taqiqlangandi.

Jahon Dopingga qarshi kurash tashkiloti sportchilar methylhexaneamine moddasini bilmasdan qabul qilishlari ehtimolini nazardan soqit etmagan.

Shu sabab, yanvar oyidan boshlab, Jahon Dopingga qarshi kurash tashkiloti tanasidan ushbu modda aniqlangan sportchilarning jazolari yumshatilishi mumkinligini aytgandi.

Xalqaro tashkilot tomonidan berilgan ushbu imkoniyat ostida bir qancha sportchilar o‘z nomlarini oqlab olishgan.

Lekin ushbu moddani qabul qilish masalasida butun mas‘uliyat sportchilarning o‘zlariga yuklanadi.

Shu sababdan ham, ularning o‘z gunohsizliklarini isbotlashlari oson bo‘lmaydi.