Taniqli o‘zbek siyosiy arbobi Abdumannob Po‘lat olamdan o‘tdi

O‘zbek muxolifati va inson huquqlari faollaridan biri, taniqli siyosiy tahlilchi Abdumannob Po‘lat 59 yoshida AQShda vafot etdi.

U 1951 yil 16 dekabrida Toshkentda tug‘ilgan.

Abdumannob Po‘lat Toshkent va Leningrad universitetlarida tahsil olgan, fizika-matematika yo‘nalishi talabalarga saboq bergan.

Abdumannob Po‘lat 1988 yilda tashkil etilgan "Birlik" xalq harakatining asoschilaridan bo‘lgan.

U O‘zbekistondagi ilk inson huquqlarini himoya qilish tashkilotini tashkil etishda bosh-qosh bo‘lgan.

1992 yilda O‘zbekiston Inson huquqlarini himoya qilish jamiyati tashkil etiladi va Abdumannob Po‘lat jamiyati raisi etib saylanadi.

1993 yilda O‘zbekiston Oliy sudi Abdumannob Po‘latni uch yilga ozodlikdan mahrum etadi va amnistiya qo‘llangani aytilib, sud zalidan ozod etiladi.

Abdumannob Po‘lat o‘zining jinoiy javobgarlikka tortilishi sababini 1992 yil 16 yanvarida Toshkentdagi Talabalar shaharchasidagi plakat bilan bog‘liq bo‘lganini aytgan.

BBC mehmoni Abdumannob Po‘lat bilan suhbat

Abdumannob Po‘latning Toshkentdagi Talabalar shaharchasidagi voqealar haqidagi xotiralarini tinglang

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

Shundan keyin Abdumannob Po‘lat O‘zbekistonni tark etgan.

U umrining oxirigacha AQShda muhojirlikda yashadi.

Abdumannob Po‘lat 1999 yilgacha "Birlik" a‘zosi bo‘lganini aytgan.

"Abdumannob Po‘lat O‘zbekiston Inson huquqlari jamiyatini boshqargan 1991-2001 yillarda jamiyatning tashkiliy va g‘oyaviy shakllanishiga yetakchilik qildi. Abdumannob Po‘latO‘IHJ aьzolari qalbida jamiyatning asoschisilaridan biri sifatida, birinchi rahbari sifatida abadiy saqlanibqoladi", deya ta‘ziya bildirganlar jamiyat a‘zolari.

"Abdumannob aka Po‘latov yuksak madaniyatli, yuksak ma‘rifatli va ayni paytda dilkash oddiy inson edi", deb xotirlashgan o‘zbekistonlik inson huquqlari himoyachilari.

Abdumannob Po‘lat siyosiy tahlilchi va kuzatuvchi sifatida o‘zining sharh va tahlillari bilan tanilgan.

Bir necha oy ilgari shifokorlar Abdumannob akaning bedavo dardga chalingani haqidagi noxush xabarni ma‘lum qilgan edilar.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati tahririyati Abdumannob akaning oilasi a‘zolari, yaqinlariga o‘z hamdardligini izhor etadi.