O‘zbekiston o‘z sportchilari hay‘atini doping sinovidan o‘tkazishga chaqirildi

Kurash

Yana bir kurashchisi Xitoyda bo‘lib o‘tayotgan 16-Osiyo O‘yinlaridan chetlatilishi ortidan, Osiyo Olimpiya Kengashi O‘zbekistonni o‘z sportchilari hay‘atini doping sinovidan o‘tkazishga undagan.

Bu gal 84 kg vaznda yunon-rim kurashida xitoylik raqibiga yengilgan Jahongir Mo‘minovning peshobidan ham sportchilar uchun taqiqlangan metilgeksanemin moddasi topilgan.

O‘tgan payshanba kuni xuddi shunday doping sinovidan o‘tolmagan o‘zbekistonlik dzyudochi Shokir Mo‘minov Osiyo O‘yinlarida qo‘lga kiritgan kumush medalidan mosuvo etilgandi.

Burunga tomiriluvchi tomchi dorilar tarkibida bo‘lgan va tanani kuchaytirish xususiyatiga ega metilgeksanemin moddasi shu yilning boshida Jahon Dopingga qarshi kurash agentligi tomonidan taqiqlangandi.

Ayni shu modda sabab, o‘tgan yaqin haftalar ichida boshqa sport turlari bo‘yicha qatnashayotgan qator sportchilar ham turli xalqaro bellashuvlardan chetlatilgandi.

Osiyo Olimpiya Kengashi Tibbiyot qo‘mitasi rahbarining muxbirlarga aytishicha, o‘zbekistonlik ikki sportchining ishi alohida-alohida ko‘rib chiqilmoqda va ularning bir-biriga aloqasi yo‘qdir.

"Biroq har ikkalasi ham O‘zbekistondan bo‘lgani va ulardan bir xil taqiqlangan modda topilgani uchun ham, Osiyo Olimpiya Kengashi O‘zbekiston Olimpiya Qo‘mitasiga bunday hollarning qayta takrorlanishining oldini olish uchun tekshiruv ishlarini olib borishni maslahat berdi," deb aytgan kengash tibbiyot qo‘mitasi raisi.

16-Osiyo o‘yinlarida biror bir sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritmagan bo‘lsa-da, Jahongir Mo‘minov o‘tgan yil Daniyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida yuqori o‘nlikka kirishga muvaffaq bo‘lgan sportchidir.

Jahon Dopingga qarshi kurash tashkiloti sportchilar methylhexaneamine moddasini bilmasdan qabul qilishlari ehtimolini nazardan soqit etmaydi.

Shu sabab, yanvar oyidan boshlab, Jahon Dopingga qarshi kurash tashkiloti tanasidan ushbu modda aniqlangan sportchilarning jazolari yumshatilishi mumkinligini aytgandi.

Xalqaro tashkilot tomonidan berilgan ushbu imkoniyat ostida bir qancha sportchilar o‘z nomlarini oqlab olishgan.

Lekin, ushbu moddani qabul qilish masalasida butun mas‘uliyat sportchilarning o‘zlariga yuklanadi.

Shu sababdan ham, ularning o‘z gunohsizliklarini isbotlashlari oson bo‘lmaydi.

BBCUZBEK.COM tahririyati SMS raqami +447786201124