O‘zbekiston hisobidagi jami oltin medallarning soni 10 dan ortdi

Xitoyda bo‘lib o‘tayotgan 16-Osiyo o‘yinlarining o‘n uchinchi kunida O‘zbekiston milliy terma jamoasi hisobidagi medallarning soni oltmishga yetib qoldi.

Bugun o‘zbekistonlik sportchi Svetlana Radzivil balandga sakrash(1.95m) musobaqalarida eng yuqori ko‘rsatkich ko‘rsatib, Osiyo O‘yinlarining oltin medalini oldi.

Bu bilan O‘zbekiston hisobidagi oltin medallarning soni 11 taga yetdi.

Yengil atletika, boks, shaxmat, kurash va kanoe/qayiqda eshkak eshish musobaqalarida O‘zbekiston milliy terma jamoasi bugun yana qator kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Taniqli bokschimiz Abbos Atoyev 75 kg vaznda Osiyo O‘yinlarining kumush medalini qo‘lga kiritdi.

O‘zbekistonlik bokschi Elshod Rasulov va kurashchimiz Artur Taymazov qo‘lga kiritgan oltin medallar bilan o‘zbekistonlik sportchilar kechaning o‘zida beshta oltin medalini qo‘lga kiritishdi.

Bugun kanoe va qayiqda 200 metrga eshkak eshish musobaqalarida o‘zbekistonlik erkak sportchilar juftligi esa, Osiyo O‘yinlarining yana bir kumush medaliga ega bo‘lishdi.

Yana bir eshkakchimiz Aleksey Mochalov esa, individual bellashuvlarda bronza medali olishga muvaffaq bo‘ldi.

Badiiy gimnastikachimiz Ulьyana Trofimova ham bugun sovrinli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

61 kg vaznda xotin-qizlar orasida bo‘lib o‘tgan karate musobaqalarida Barno Mirzayeva O‘zbekiston milliy terma jamoasi hisobidagi bronza medallari sonini yana bittaga ko‘paytirdi.

O‘zbekistonlik ayol shaxmatchilar jamoasi ham o‘yinlarning kumush medalini olishga muvaffaq bo‘ldi.

11 ta oltin, 22 ta kumush va 23 ta bronza medali bilan o‘zbekistonlik sportchilar bugun medallar ro‘yxatida 8-o‘ringa ko‘tarilishdi.

Hanuz Markaziy Osiyo davlatlari orasida ilg‘orlik qilayotgan Qozog‘iston milliy terma jamoasi hisobidagi jami medallarning soni esa, 80 ga yaqinlashib qoldi. Shulardan 18 tasi oltindir.

Ular bugun medallar ro‘yxatida yuqori beshlikka kirishga muvaffaq bo‘lishdi.

Qirg‘iziston va Tojikiston hisobidagi medallarning soni hozircha o‘zgargani yo‘q. Turkmanistonlik sportchilar esa, hanuz biror bir sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritishmadi.

Kecha dunyoning eng old jamoalaridan biri bo‘lgan pokistonlik kriketchilarni mag‘lub etib, katta shov-shuvga sabab bo‘lgan Afg‘oniston milliy terma jamoasi bugun final bellashuvlarida bangladeshlik raqiblariga yengilib, Osiyo O‘yinlarining kumush medalini olishdi.

So‘nggi yutuqlari ortidan afg‘onistonlik sportchilarning jami medallari soni 3 taga yetdi.

Pokistonlik ayol kriketchilar jamoasi ham avvalroq o‘yinlarning oltin medalini qo‘lga kiritib, hammani lol qilib qo‘yishgandi.

Jami medallarining soni 400 taga yaqinlashib qolgan mezbon Xitoy milliy terma jamoasi hanuz oldinda.

Medallar ro‘yxatida yuqori to‘rtlikning saflari halicha o‘zgarmadi. Janubiy Koreya, Yaponiya, Eron hamon o‘z o‘rinlarida turishibdi.