BBC mehmoni - "Doctor D"ga savol bering

Bugungi BBC mehmoni - "Doktor D" deganda ko‘pchilik yaxshi biladigan shifokor va taniqli aktyor Dilmurod Ergashev.

Dilmurod Ergashevni o‘zbekistonliklarning aksari ilk bor "Shaytanat" ko‘p qismli videofilьmida ijro etgan rolidan keyin taniganlar, desa mubolag‘a bo‘lmaydi.

Aslida uning mutaxassisligi shifokor.

Dilmurod Ergashev 1959 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan.

"12 yoshimda og‘ir betob bo‘lib qolganim shifokorlikni tanlashimga turtki bo‘lgan", deydi u.

Poytaxtdagi fizika-matematika maxsus maktabini oltin medal bilan bitirgan o‘smirning o‘z tahsilini fizika-matematika yo‘nalishi bo‘yicha oliy o‘quv yurtida davom ettirishi uchun imtiyozli imkoniyat beriladi, ammo u shifokorlikni tanlaydi.

Dilmurod Ergashev 1983 yilda Toshkent Meditsina institutini bitiradi.

Bugun u O‘zbekistondagi yetakchi reproduktolog shifokorlardan biri hisoblanadi.

Tibbiyotning bu yo‘nalishini tanlashiga Dilmurod Ergashev yaqinlaridan birining uzoq yillar oldin uylanganiga qaramasdan, farzand ko‘rmagani sabab bo‘lganini aytadi.

"Tibbiyot oliy o‘quv yurtida tahsil olib yurgan yillarimda bu sohada O‘zbekistonda mutaxassis yo‘qligini bilganman", deydi u.

Bepushtlikni davolash mahoratini egallash maqsadida Dilmurod Ergashev Kiyevda, Moskvada, AQSh va Isroilda bilimini oshiradi.

Shu yo‘nalishda tibbiyot bo‘yicha fan nomzodi dissertatsiyasini yoqlaydi.

"1993-1994 yilda Olmoniyadagi xususiy shifoxonalardan birida stajirovkada bo‘lib qaytganimdan keyin "nega shunday muassasalarni o‘zimizda ochish mumkin emas" degan savolni o‘zimga berdim", deydi shifokor.

Dilmurod Ergashev Toshkentda ko‘p tarmoqli "Doktor D" xususiy shifoxonasiga asos solgan.

U "Inson reproduktsiyasi bo‘yicha Rossiya assotsiatsiyasi" - RARCh, Nьyu-York Fanlar akademiyasi, Ovro‘po Urologlari va Androloglari assotsiatsiyasi a‘zosi.

Dilmurod Ergashev "kam uxlashga to‘g‘ri kelsa ham", agar badiiy filьm stsenariysi o‘ziga yoqsa, kinodagi rollarga rozi bo‘lganini aytadi.

Shu kungacha Dilmurod Ergashev rol ijro etgan 40 dan ortiq badiiy filьm ekranlarga chiqarilgan, yaqin kunlarda tomoshabinlar yana bir necha filьmni tomosha qilishlari mumkin.

"Orada turli rollar, mafiozi, narkobaronlar rolini rosa ko‘p taklif qilishdi. O‘ynadim, ammo mening o‘zimga "farzandining ertangi kunini o‘ylaydigan talabchan ota" rolini o‘ynash ko‘proq yoqadi", deydi Dilmurod Ergashev.

U uch farzandning otasi va nabiralarning bobosi.

Bi-bi-si mehmoni Dilmurod Ergashevga savollaringizni ushbu sahifaning quyi qismidagi maxsus forma orqali yoki uzbek@bbc.co.uk elektron manzilimizga yo‘llang.

Bi-bi-si mehmoni savollaringizga ham internet va ham radio orqali javob beradi.

Suhbatning radio versiyasini shanba kungi "Daraklar" dasturida tinglay olasiz.

Savollarini radio uchun o‘z ovozlari bilan berishni istagan tinglovchilarimizdan o‘zlarining telefon raqamlarini ham yozib yuborishni so‘raymiz.

Ruknimizning keyingi mehmonlari kimlar bo‘lishini istaysiz?

Bu haqdagi fikrlaringizni kutib qolamiz.