O‘zbekiston OXHTni Qirg‘izistondagi hodisalar yuzasidan xalqaro tergov o‘tkazishga chaqirdi

Ostonadagi OXHT sammitida chiqish qilgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov yana bir marta shu yil iyun oyidagi Qirg‘izistondagi qonli hodisalar yuzasidan xalqaro tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan.

"Shu yil yozida Qirg‘iziston janubidagi qonli millatlararo to‘qnashuvlarni bartaraf etishda Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti ijobiy rol o‘ynamadi", deb aytgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri.

"Tan olish kerakki, afsuski, OXHT va uning strukturalari shu yil iyun oyida Qirg‘iziston janubidagi qonli hodisalarni oldini olish va bartaraf etishda hech qanday ijobiy rol o‘ynamadi", dedi janob Norov.

"Qirg‘iziston janubidagi hodisalarni tekshirish bo‘yicha xalqaro mustaqil komissiya haqida gapirganda, shuni ta‘kidlash lozimki, amalda bu guruh na BMTning, na OXHTning vakolatiga ega. Savol tug‘iladi: bu guruhning natijalarini kim va qaysi darajada ko‘rib chiqadi? Hozircha bu savolga javob yo‘q", deb aytgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri.

Vladimir Norov, Qirg‘izistonda zo‘ravonlik va uning ta‘biricha, pogromlarni uyushtirgan shaxslar hali jazoga tortilmaganini ta‘kidlagan.

"Bunga nuqta qo‘yilmas ekan va Qirg‘iziston janubidagi fojealarning konkret aybdorlari aniqlanmas ekan, bu fojea takrorlanmaydi deb aytish qiyin", degan Vladimir Norov.

"Faqat bir yoqlama yondashuvni inkor etadigan ob‘ektiv, mustaqil xalqaro tergovni o‘z vaqtida o‘tkazish, xalqaro hamjamiyatning qattiq printsipial mavqei Qirg‘izistonning qirg‘iz va o‘zbek jamoalari o‘rtasidagi yarashuv va kelishuvga yo‘l ochishi mumkin", deb aytgan O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi rahbari.

Janob Norovning aytishicha, Qirg‘izistondagi 2010 yildagi fojeali voqealar tufayli Markaziy Osiyodagi vaziyat beqarorlashishining jiddiy tahdidi yuzaga kelgan.

"Qirg‘iziston bugun qo‘shnilari hamda jahon hamjamiyatining insonparvarlik yordamlari va dastakloviga muhtoj deb aytgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov.

Shu yil iyun oyida Qirg‘izistonning O‘sh va Jalolobod viloyatlarida qirg‘izlar bilan o‘zbeklar o‘rtasida qonli hodisalar yuz berdi.

Ommaviy qotilliklar va xonadonlarga o‘t qo‘yilishi 100 ming atrofida o‘zbeklarni O‘zbekiston hududida panoh topishga majbur qildi.

Qirg‘iz rasmiylariga ko‘ra, kamida 400 inson halok bo‘lgan.

Ammo Qirg‘iz mulozimlari xunrezliklar oqibatida hayotdan ko‘z yumgan insonlar soni rasmiy raqamlardan ancha ko‘pligini tan olishadi.

Bir necha ming uy vayron etilgan, o‘n minglab insonlar boshpanasiz qolganlar.

Qirg‘iziston janubida istiqomat qiladigan o‘zbeklar mamlakat huquq-tartibot organlarining islomiy qurolli jangari guruhlarga qarshi deb e‘lon qilayotgan maxsus amaliyotlari o‘zlariga qarshi yangi ta‘qiblar to‘lqini bo‘lishidan xavotir bildirishmoqda.

Ostona sammiti arafasida Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Milliy ozchiliklar bo‘yicha Oliy Komissari Knut Vollabek ayrim qirg‘iz siyosatchilarining chiqishlaridagi millatchilik ohangidan xavotirda ekanini aytgan.

bu yerga bosing OXHT Qirg‘izistondagi millatchilik kayfiyatlaridan xavotirda