O‘zbekiston aholisining konstitutsion huquqlari amalda qanchalik ta‘minlangan?

O‘zbekistonda Konstitutsiya kuni arafasida o‘tkazilgan an‘anaviy omma so‘rovi natijalariga ko‘ra, aholining 95 foizdan ortiqrog‘i o‘zlarining bosh qonundagi huquq va erkinliklaridan amalda bahramand bo‘layotganliklarini aytishgan.

Mamlakatdagi yagona "Ijtimoiy fikr" omma fikrini o‘rganish markazi xulosalaridan ma‘lum bo‘lishicha, so‘ralganlarning 97.5 foizi O‘zbekistonda din va vijdon erkinligi to‘la ta‘minlangan, deb ishonadi.

Qariyb 90 foiz odam esa, O‘zbekistonda so‘z erkinligi mavjudligiga shubha qilmas ekan.

Ammo amalda fuqarolar huquqlari poymol etilishining eng so‘nggi misoli kecha Toshkentning Mustaqillik maydonida prezident Islom Karimovning iste‘fosini talab qilib namoyishga chiqqan bir guruh faollarning hibsga olinishi bo‘lgan.

Kun davomida Toshkent shahar Yunusobod tumani Ichki ishlar bo‘linmasida ushlab turilgan huquq faollariga suv, oziq-ovqat va hatto, hojatxonaga chiqishga ham ruxast berilmagan.

Faollar bunday munosabatni qiynoq, deya baholaganlar. Biz ulardan biri Viktoriya Bajenova bilan suhbatlashdik:

Javob: Bilasizmi, huquqlarimizning poymol etilishi bizni Yunusobod Ichki ishlar bo‘linmasiga olib kelishgan soniyalardanoq boshlandi. Bizni bo‘linma rahbari o‘rinbosari qabul qilib, "afsus, o‘lim jazosini bizda bekor qilishgan-da" deb aytdi va o‘ziyu xodimlari ustimizdan kula boshlashdi. Tasavvur qilasizmi bu kabi ruhiy bosimni. Keyin bizni bir xonaga olib kirishdi, menga ayol sifatida bir stul berishdi, lekin qolgan uch kishi kun bo‘yi oyoqda turishdi. Men soat ikkilarga borib hojatxonaga chiqarishlarini so‘radim, ruxsat berishmadi. Keyin bo‘linma rahbaridan ham talab qila boshlagan vaqtim, hojatxona kalitini uzoq qidirishdi va oxir-oqibat ruxsat berishdi, lekin boshqalarga bu kabi ruxsat tekkani yo‘q. Yemak, suv umuman berishmadi. Dmitriy Tixonov , "menda pul bor, hech bo‘lmasa o‘z pulimga biron yemak olib kelib beringlar," desa ham rad qilishdi.

Bi-bi-si: Bu qancha vaqt davom etdi?

Javob: Bizni bo‘linmaga mahalliy vaqt bilan 11 lar atrofida olib kelishgan bo‘lsa, kechqurun soat besh yarimlargacha. Vladimir Husainov "bu munosabat qiynoq bilan barobar, suv, yemak bermayapsizlar," deb aytdi. Bizni bo‘linmaga olib kelishganda telefon qilishga izn berilmadi, himoyachi chaqira olmadik, bizga qarshi ochilgan ish bilan tanishgani berishmadi. Prezident Karimov deyarli har chiqishida mamlakatimiz demokratik yo‘ldan bormoqda, deb aytadi-ku, shuning uchun munosabatni ham demokratik bo‘lishini kutgandik.

Bi-bi-si: Hibs ostidagi shaxslarning haq-huquqlari qaysi hujjatlarda qayd etilgan?

Javob: Eng avvalo bu haq-huquqlari siyosiy va fuqaroviy huquqlar haqidagi xalqaro paktda qayd qilingan. Bulardan ularning hammalarining xabarlari bor. Mana, qarang, bizni so‘roq qilgan mayor, unga huquqlarimiz buzilmoqda, deb aytsak, "ha, bilaman, sizlarning huquqlaringiz mana bu hujjatlarda qayd qilingan", dedi istehzo bilan. Xullas, ular qonunlarni bilishadi, lekin umuman rioya qilishmaydi, namoyishkorona ravishda inson huquqlariga nisbatan amalda qo‘llashdan bosh tortadilar. Hatto hakamga "men huquq himoyachisiman" desam, "yo‘q, sen qonunbuzarsan" deb aytdi.

Bi-bi-si: Mana, siz ichki ishlar bo‘linmasi xodimlari qonunlarni bilamiz, deb aytishdi, dedingiz. Lekin nima uchun ular qonunlarga rioya qilishmaydi, o‘zlarini jazodan xoli deb hisoblaydilarmi?

Javob: Ha, albatta, jazoga tortilmasligini biladi. Biz qayerga shikoyat qilmaylik, hatto prezidentgacha yozsak ham, uni javobgarlikka tortmasliklarini biladi. Ana shu sababli munosabat shunday. Endi hakamning o‘zi bizni "qonunbuzarlar" deb aytganidan keyin uyog‘ini qo‘yavering. Bizlarga terroristlarga kabi munosabatda bo‘ladilar, chunki biz bilan Ichki Ishlar vazirligining terrorizmga qarshi kurash bo‘linmasi shug‘ullanadi. Mana shuning o‘zi mamlakatimizda huquq faollariga nisbatan munosabatning yaqqol misolidir. Bizga nisbatan bor qonunlarni ham qo‘llamaydilar. Mening fikrimcha, bu yuqoridan berilgan ko‘rsatma.

Bi-bi-si: Bunday deb da‘vo qilishingizga sizda qanday asos bor?

Javob: Bilasizmi, bizdagi o‘rta va quyi darajadagi rahbar doiralar o‘z tashabbuslari bilan hech nima qila olmaydilar. Chunki o‘z boshicha bir narsa qilsalar, oqibati yomon bo‘lishini biladilar. Tepadan ko‘rsatma kelgan yo‘lda amal qiladilar, bu kabi ko‘rsatmalar esa, albatta, og‘zaki bo‘ladi. Men Sho‘rolar davrida ma‘muriy rahbar organlarida ko‘p ishlaganman, bularning hammasi qanday qilinishini yaxshi bilaman. Bizda esa ko‘p-da Sho‘rolar davridan qolgan narsalar saqlanib qolgan.