O‘zbekiston qahraton qishga tayyormi? - oddiy aholi nima deydi...

O‘zbekistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, dekabr boshida boshlangan sovuq kunlar mamlakatda qish fasliga yetarlicha tayyorgarlik ko‘rilmaganini oshkor etgan.

Hatto poytaxt Toshkentda ham kommunal xizmat sohasi qishga tayyor emasligi ko‘zga tashlangan.

Masalan, tunlari sovuq -10 darajaga yetgan paytda Toshkentning Yakkasaroy tumani Bobur mahallasi aholisi tuman hokimiyatiga uylar yaxshi isitilmayotgani borasida murojaat etgan.

Bu borada Uznews.net veb sahifasi xabar bergan.

Farg‘ona viloyatida esa, tabiiy gaz ta‘minotidagi uzilishlar bois aholi norozilik bildirib chiqqan.

Qo‘shni Andijon viloyati markazida uy isitish maqsadida tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzish natijdasida portlash sodir bo‘lgan va ikki inson halok bo‘lgani borasida xabarlar bor.

Xo‘janddan muxbirimiz O‘rinboy USMON o‘zbek-tojik chegarasida bo‘lib, energiya ta‘minoti va qish fasliga tayyorgarlik borasida o‘zbekistonliklar bilan suhbatlashishga uringan:

Soat ertalabki to‘qqizga yaqinlashgan bo‘lishiga qaramay, tungi sovuqning hamon chekingisi yo‘q.

O‘zbekistonning Bekobod shahri va Tojikistonning Spitamen tumani chegarasidagi "To‘g‘on" chegara-bojxona o‘tkazish manzili yaqinida turganlardan kimdir qo‘llariga kuhlaydi, kimdir to‘xtovsiz u yon-bu yon yuradi.

"Xayriyat, bugun Bekobod shamoli yo‘q, bo‘lmasa, yuz-ko‘zingni o‘rasang ham qutulmasding," deydi O‘zbekiston tarafdan o‘tib kelgan ayol.

Uning aytishicha, issiq uyidan biron yumush bo‘lmasa chiqqisi kelmaydi.

"Kechayu kunduz gaz bor, elektr bir-ikki soat o‘chsa-o‘chadi, boshqa paytlari o‘chmaydi," deydi qirq yoshlardagi bu ayol.

Men undan shu gaplarini mikrofonga aytishini so‘rayman. U rozi bo‘lmaydi.

Boshqa o‘zbekistonliklar bilan energiya ta‘minoti, qishga tayyorgarlik borasida so‘zlab berish iltimoslarim ham yerda qoladi.

Yangiyer shahrida yashaydigan o‘ttiz besh yoshlardagi kishi ochiqdan-ochiq aytadi : "Qo‘ying, meni siyosatga aralashtirmang".

Lekin ovozini yozib olmaslik sharti bilan gapiradiganlar oz emas.

"Qishga tayyorgarlik faqat uy isitish, elektrni o‘chirmaslik emas-da," deydi Bekobod shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida yashashini aytgan ayol.

"Qish sovug‘ida to‘yib ovqatlanmasa ham bo‘lmaydi. Lekin narx to‘satdan ko‘tarilib ketdi. Biz unni kilolab olamiz. Eng yaxshi Qozog‘iston unining kilosi 1700 so‘m. Shakarning kilosi uch yarim ming, mol go‘shti 11 ming, qo‘y go‘shti 14 ming. Oyliklar o‘n foiz oshdi. Narx esa o‘ttiz-qirq foizdan bir baravargacha," deydi bekobodlik ayol.

-Qozog‘iston uni qimmat deyapsiz, arzonrog‘idan olsangiz bo‘lmaydimi, deb so‘rayman ayoldan.

-O‘zimizning un tandirda turmaydi, oqib ketadi, deydi ayol.

Shundaygina chegara yonida Bekobod shahriga qarashli, lekin hozirda Tojikiston hududida qolgan Gorniy mahallasi joylashgan. Mahalladagi ayrim uy mo‘rilaridan tutun o‘rlaydi.

"Uch oydan beri gaz yo‘g‘idi. Sababini so‘rasak, ta‘mir qilinyapti, deyishardi. Xayriyat, kechadan boshlab gaz berishdi. Endi ovqatni hovlida emas, bemalol uyda pishiryapmiz," deydi Gorniy mahallasida yashaydigan ellik yoshlardagi kishi.

Men o‘zbekistonliklarning ovozini yozib olishdan butkul umid uzib, chegaradan Spitamen tumani markaziga qatnaydigan mashinaga o‘tiraman.

Yo‘lovchilarning o‘zaro suhbatlari jarayonida deyarli hammalarining O‘zbekistondan ekanliklari, Tojikistonga qon-qarindoshlarini ko‘rish uchun ketayotganliklarini bilib olaman.

Mashina shovqini ostida ularning so‘zlarini yozib olaman.

Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida yashashini aytgan Abdujamilning aytishicha, shaharda qishga qattiq tayyorgarlik ko‘rilgan.

"Bekobodning o‘zida elektr va gazdan hech nolimaymiz," deydi qalin palьto ustidan jun ro‘mol o‘ragan ayol.

"Lekin shunday qishloqlarga borsangiz, boshqa ahvol. Mening qizim 2-sovxozda yashaydi. Kunduzlari ikki marta uch soatdan, tunda sa besh soat o‘chirishadi," deydi ayol.

Hozirda O‘zbekistonda ham boshqa ko‘pgina mamlakatlardagi kabi elektrni tejovchi lampochkalardan foylanishga o‘tishi kutilmoqda.

BMT Dasturi tadqiqotchilariga ko‘ra, agar bu usulga o‘tilsa, mamlakatda 20 foiz elektr energiyasi tejalishi mumkin.

Ayni bir paytda O‘zbekistonda elektr to‘plovchi tejamkor lampochkalar ishlab chiqariladigan sanoat korxonalari bunyod etishga kirishilgan. Yangi kichik GESlar qurilmoqda.

Lekin kuzatuvchilar fikricha, O‘zbekiston aholisining ko‘payishi va yangi yaratilayotgan sanoat korxonalarini hisobga olganda, mamlakatda gaz va elektr ta‘minotidagi muammolarni hali-hozircha to‘la bartaraf etish imkoni yo‘q.