'Ikki britan shirkati O‘zbekistondagi bolalar mehnati bilan aloqadorlikda tekshirilsin'

Konstitutsion va Inson Huquqlari bo‘yicha Ovro‘po Markazi Britaniya hukumatini majburiy bolalar mehnatiga oid xalqaro yo‘riqnomani buzganlikda ayblangan ikki britan paxta shirkatining faoliyatini tekshirishga undagan.

Markaz Buyuk Britaniyada Cargill Cotton va ICT Cotton shirkatlari ustidan shikoyat arizasi bilan chiqqan.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, "shirkatlarning O‘zbek paxta sanoatida bolalar va majburiy mehnatdan foydalanilishiga jiddiy hissa qo‘shgan-qo‘shmaganliklari o‘rganilishi lozim".

Bu haqda Buyuk Britaniya Matbuot Uyushmasi xabar tarqatgan.

Konstitutsion va Inson Huquqlari bo‘yicha Ovro‘po Markazining urg‘ulashicha, har ikki britan shirkati O‘zbek paxtasini sotib olish bilan Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot Tashkilotining yo‘riqlarini buzishgan.

Xabarda aytilishicha, Cargill Cotton shirkati bolalar mehnati yuzasidan O‘zbek hukumatiga o‘z xavotirlarini izhor etgan va muammoning muqobil yechimini topishning muhimligini urg‘ulaganini bayon qilgan.

Shikoyat hujjatlarida O‘zbekistonda har kuz mavsumida yuz minglab bolalarning majburiy paxta yig‘im-terimiga jalb etilishlari aytiladi.

"Bolalar ikki oydan to‘rt oygacha paxta dalasida bo‘lishadi, belgilangan me‘yorni bajarolmaganlarining bahosi pasaytiriladi yoki ular kaltaklash bilan jazolanishadi. Paxta yig‘im-terimiga hamkorlik qilmagan oilalarga gaz, suv va elektr ta‘minoti uzib qo‘yilishi yoki ular jismoniy zo‘ravonliklardan azob chekishlari, hibsga olinib, ta‘qib etilishlari mumkin," deyiladi hujjatda.

O‘zbekiston paxta eksporti bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turadi va paxta savdosidan tushadigan daromad yiliga bir milliard AQSh dollaridan ortiq foyda keltiradi.

O‘zbekistonda paxta sanoati yig‘im-terim chog‘ida bolalarni safarbar etish uchun maktablarni yopishga buyruq beruvchi avtoritar hukumat tomonidan nazorat etiladi va ana shu hukumatning o‘zi xususiy tarzda yetishtirilgan paxtaning ham yagona xaridori hisoblanadi, deyiladi xabarda.

Markaz shikoyatida ta‘kidlanishicha esa, "O‘zbekistonda qonunan ma‘n etilgan bo‘lsa ham, paxtani yig‘ib-terib olish sanoatida bolalar va majburiy mehnatdan izchil va har tomonlama foydalaniladi".

Shikoyatda, yana shuningdek, ikki britan shirkatining Toshkentdagi tarmoqlari va davlat tojirlari orqali O‘zbekiston bilan aloqalari borliklari aytiladi.

Konstitutsion va Inson Huquqlari bo‘yicha Ovro‘po Markazining shikoyati Ovro‘poda paxta oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi yettita shirkatga qarshi olib borilayotgan amaliyotning bir qismidir.

Yana xuddi shunday shikoyat bilan Olmoniya, Frantsiya va Shveytsariyada ham chiqilgan.