O‘zbekiston yana bir bor dunyoning eng avtoritar tuzumlaridan biri deb topildi

Economist Intelligence Unit xalqaro tahlil shirkatining dunyo davlatlarida demokratiyaning darajasiga bag‘ishlangan bu yilgi hisobotida O‘zbekiston yana dunyoning eng avtoritar davlatlaridan biri deb topilgan.

O‘zbekiston ja‘mi 167 ta davlat ichidan 164-o‘rinni egallab, dunyoning eng avtoritar davlatlari sirasiga kiritilgan.

Reyting mualliflari davlatlarni besh kategoriya bo‘yicha tasniflashgan: ya‘ni, ulardagi saylovlar jarayoni va turfafikrlilik, fuqaroviy erkinliklar, hukumatlarning faoliyati, siyosiy faollik va siyosiy madaniyat darajasi o‘rganilgan.

Barcha kategoriyalar bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, davlatlar to‘rtta guruhga ajratilgan.

Bular - "To‘liq demokratiya amal qiluvchi", "Nisbatan demokratiya amal qiluvchi", "Duragay tuzumlar" va "Avtoritar rejimlar"dan iborat.

Aksariyat sobiq Sho‘ro davlatlari, jumladan, Belarus (130-o‘rin), Qozog‘iston(132-o‘rin), Ozarbayjon(135-o‘rin), Tojikiston(149-o‘rin), O‘zbekiston (164-o‘rin) va Turkmaniston(165-o‘rin) "Avtoritar rejimlar" amal qiluvchi davlatlar ro‘yxatiga tushishgan.

Dunyo davlatlaridagi demokratiya darajasi 0 dan 10 ballgacha bo‘lgan shkala bo‘yicha baholangan.

Ro‘yxatda ja‘mi 9.80 ball to‘plab, Norvegiya "To‘liq demokratiya amal qiluvchi" mamlakatlar ro‘yxatini boshlab bergan.

Bor-yo‘g‘i 1.08 ball jamlashga muvaffaq bo‘lgan Shimoliy Koreya esa, ro‘yxatning eng quyi pog‘onasini egallagan.

Moldova (65-o‘rin) va Ukraina(67-o‘rin) esa, "Nisbatan demokratiya amal qiluvchi" davlatlar sirasiga kirishgan.

Xalqaro shirkatning yangi hisobotidan ayon bo‘lishicha, Qirg‘iziston(106-o‘rin), Rossiya(170-o‘rin) va Armaniston(109-o‘rin) "Duragay tuzumlar" amalda bo‘lgan davlatlardir.

"2010 yildagi demokratiya darajasi" - Economist Intelligence Unit shirkati tomonidan tayyorlangan va jahondagi demokratiyaning ahvoliga bag‘ishlangan uchinchi hisobotdir.

Bundan avvalgi hisobotlar 2006 va 2008 yillarda e‘lon qilingan. Yangi hisobot esa, 2010 yilning noyabr oyigacha bo‘lgan holatni o‘zida aks ettiradi.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, so‘nggi tadqiqotlarida dunyoning aksariyat mustaqil davlatlaridagi vaziyat aks etgan va u deyarli jahonning ja‘mi aholisini qamrab olgan.

Ularning aytishlaricha, bugungi kunda dunyo aholisining yarmiga yaqini u yoki bu ko‘rinishdagi demokratik shart-sharoitlarda yashashadi.

O‘z o‘rnida hisobot mualliflarining urg‘ulashlaricha, jahondagi demokratiya darajasi 2008 yil bilan solishtirganda pasaygan.

Economist Intelligence Unit shirkati o‘zini "dunyodagi eng ilg‘or tadqiqot va tahlil manbasi" o‘laroq ko‘radi hamda Economist (xuddi shu nomdagi nufuzli jurnal doxil) guruhi tarkibiga kiradi.