Islom Karimov: 'O‘zbekiston Afg‘oniston mojarosiga hech qachon aralashmaydi'

Prezident Islom Karimovning aytishicha, toki o‘zi prezident ekan, o‘zbek yigitlari hech qachon afg‘on mojrasida ishtirok etishmaydi.

Samarqandda qilgan so‘nggi chiqishida janob Karimov mamlakati afg‘on urushiga nisbatan neytral mavqe‘da qolishini bayon qilgan.

"Biz Afg‘onistonning yaqin qo‘shnisimiz. Kremldagilarning tashabbusi bilan Sho‘rolar Ittifoqi 1979 yilda urush boshlagan paytda eng ko‘p kim jabr chekdi? Kimning yigitlari tong sahar soat 2-4 larda hech qanday tayyorgarliksiz Afg‘onistonga yuborildi? Qanchadan qancha kishilarimiz, yigitlarimiz qurbon bo‘lishdi. Biz bu kabi holatning yana takrorlanishini istaymizmi-yo‘qmi? Yo‘q, hech qachon! Men prezident ekanman, bu hech qachon yuz bermaydi!" deb aytgan prezident Karimov.

Janob Karimov, o‘z navbatida, Afg‘onistondagi joriy vaziyatdan o‘z xavotirlarini izhor etgan.

O‘zbekiston rahbari eng qudratli davlatlar bo‘lmaydimi, dunyoda hech kim afg‘on mojarosining ertangi yechimi nima bo‘lishini bilmasligi, bu esa, o‘zlarini jiddiy tashvishga solayotganini aytgan.

Prezident Karimovga ko‘ra, urushni, hujumni boshlaganlar yoki boshqa maqsadlarini amalga oshirish uchun Afg‘onistonga kelganlar ertaga baribir chiqib ketishadi, yaqin qo‘shnilari esa, qolaverishadi.

Janob Karimov shuning uchun ham Afg‘onistonning bo‘lajak rahbarlari, hukumatlari yoki siyosiy kuchlari, "Urush paytida sen narigi tomonning tarafida eding," deyishlariga hojat qoldirmaydigan tarzda ish tutishlarining muhimligini urg‘ulagan.

Prezident Islom Karimovga ko‘ra, O‘zbekiston hech kimning tarafida bo‘lmaydi va mamlakati o‘zining aqli bilan ish yuritadi.

O‘zbekiston rahbarining aytishicha, Afg‘oniston xalqi buni bilib qo‘yishi lozim.

O‘ziga xos siyosat

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining yaqinda Qozog‘iston poytaxti Ostonada bo‘lib o‘tgan oliymaqom yig‘inida ham O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston bilan munosabatlarini o‘zaro milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda ikki tomonlama asosda qurishi va qurajagini bayon qilgandi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri, shu bois ham, Afg‘oniston masalasida bahamjihat asosda ishlab chiqilgan loyiha yoki dasturlarda ishtirok etishni lozim deb ko‘rmasliklarini bildirgandi.

O‘zbekiston tomoni o‘z hududidan Afg‘onistonga olib o‘tilajak yuklarning ham faqat noharbiy bo‘lishini urg‘ulagandi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Afg‘oniston mojarosini harbiy yo‘l bilan yechib bo‘lmasligi va xorijiy ittifoq kuchlarining strategiyasi kutilgan natijalarni bermayotgani yanada ayonlashib borayotganini urg‘ulagandi.

Janob Norov bu kabi vaziyatda afg‘on mojarosiga muqobil yechim topish masalasi katta ahamiyat kasb etib borayotgani, Afg‘oniston masalasida o‘zlari tomonidan taklif etilgan va Birlashgan Millatlar homiyligi ostidagi 6+3 aloqa guruhi katta o‘rin tutishi mumkinligini ham bayon qilgandi.

O‘zbekiston tomoniga ko‘ra, Afg‘onistondagi xavfsizlikdan manfaatdor tomonlarning muzokaralaridan tashqari, Afg‘onistonga iqtisodiy, insonparvarlik va ijtimoiy jihatdan ko‘mak berish, qashshoqlikka qarshi kurashish masalasiga katta e‘tibor qaratilishi lozim.

O‘zbekiston joriy paytda Amerikaning Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlari uchun muhim ta‘minot yo‘li vazifasini bajarib keladi.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, Shimoliy Ta‘minot Tizimi orqali Afg‘onistonga yetkaziladigan yuklarning 30 foizi tashiladi va bu yuklarning deyarli hammasi O‘zbekistonning Termiz chegara nuqtasidan o‘tadi.