'O‘zbekistonda hatto nafaqaxo‘rlar ham pora berishga majbur'

BBCUzbek.comga maktub yo‘llagan o‘zbekistonlik o‘quvchilarimizdan biri mamlakatdagi poraxo‘rlik va korruptsiyaning ildizlariga nazar tashlaydi. Maktubni tahrirsiz e‘tiboringizga havola etayapmiz.

Salom Bi Bi Si tahririyati!

O‘tgan hafta davomida dunyo bo‘yicha korruptsiya va poraxo‘rlik muammolari BMT tomonidan ko‘tarilgach, ko‘plab xorijiy matbuot nashrlari uchun keng qamrovli mavzuga aylandi. Paytdan foydalanib men ham O‘zbekistonda keng tomir otgan korruptsiya va ko‘zimizga eng mayda bo‘lib ko‘ringan, lekin ulkan muammolar sababchisi bo‘lgan arzimas poraxo‘rliklar haqidagi fikrimni sizlar bilan baham ko‘rmoqchi edim.

Mamlakatimizda hukumat darajasidagi korruptsiya qanchalik keng tarqalgani hech kimga sir emas. Buni hamma biladi, lekin hech kim rasmiy ravishda yoki matbuotda buni tan olmaydi. Albatta, prezident Islom Karimovdan tashqari. Prezidentning Konstitutsiya kuni munosabati bilan qilgan nutqida aytilgan poraxo‘rlik haqidagi muammolar aslida yangi emas. Bu gaplarni prezident avvallari ham, viloyat hokimlarini almashtirishda, boshqa turli nutqlarida hamisha qaytarib kelgan.

Lekin bu gal prezidentning poraxo‘rlik va tovlamachilik haqidagi gaplari biroz keskinroq yangradi va ogohlantirishga boy bo‘ldi. Demak, kelayotgan yangi yil davomida korruptsiyaga qarshi kurash qay darajaga ko‘tarilishini vaqt ko‘rsatadi.

Lekin men demoqchi bo‘lganim, aslida O‘zbekistonni dunyo mamlakatlari orasida korruptsiya avj olgan eng oldi mamlakatga aylanishi uchun kim ko‘proq aybdor? Odamlarni og‘zini ochirtirmay qo‘ygan davlat siyosatimi yoki poraxo‘rlik qon-qoniga singib ketgan va bundan qaysidir darajada ishini yengillatayotgan oddiy odamlarmi?

Men hukumat miqyosidagi korruptsiya, hokim, hakam va prokurorlik lavozimlarini, tenderlarni, xususiylashtirish bahona millionlarni o‘marish hollariga to‘xtalmoqchi emasman. Zero bu kabi ishlarga yana o‘sha davlat odamlarining tishi o‘tadi, xolos. Ular esa kerak payti kimnidir tutsa, boshqa payt o‘sha ishga o‘zlari sherik bo‘lishi tabiiy.

Masalan, o‘rtacha tuman hokimi lavozimi 70 ming dollardan, shifoxona direktori lavozimi 50 mingdan boshlanishi, prokuratura tergovchisi bo‘lish uchun esa 200 ming dollar to‘lash kerakligi xalq og‘zida doston bo‘lib yuribdi.

Odillik uchun aytish kerakki, bu yil test imtihonlari payti bo‘ladigan korruptsiyaga qarshi qattiq kurashildi. Ba‘zi oliy o‘quv yurtlarida o‘qituvchilarni avtobus-avtobus qilib so‘roqqa tashishdi, ba‘zilarini hibsga olishdi. Testning "X variant" deb atalmish javoblarini sotishga qattiq to‘siq qo‘yildi. Hamma tomonni xavfsizlik kuchlari xodimlari tekshirib turdi. Biroq shuni orasida ham ko‘plar "o‘z ishini uddaladi". Bular hukumatda va kerakli joylarda kuchli tanish yoki qarindoshga ega kishilar edi. Ya‘ni, poraxo‘rlarni ushlashda ham tanlov bo‘lishi ma‘lum bo‘ldi.

Toshkentlik ziyoli bir tanishimning aytishicha korruptsiya bilan bog‘liq O‘zbekistondagi vaziyat bu korruptsiya emas, "bu yashash tarzidir."

"Odamlar yo‘ldagi militsiya xodimlari poraxo‘rligidan noliydi. Lekin o‘zlari yo‘l qoidasini buzib, pora taklif etadi. Agar militsioner 3 ming so‘mga ko‘nsa, indamay puulni berib ketadi. Biroq militsioner 10 ming so‘m talab qilib turib olsa, pora taklif qilgan odam keyin hamisha militsionerlarning poraxo‘rligidan nolib yuradi," deydi bu tanishim.

Unga ko‘ra, hamma sohada ham shu. "Biz hamisha pora berishga tayyormiz, lekin oz miqdorda. Qachondir bizdan ko‘p pul so‘rab qolishsa, keyin korruptsiya haqida bong uramiz. Hech kimning uzoq va mashaqqatli yo‘ldan borib porasiz ish bitirishga yuragi betlamaydi. Odamlar o‘rnak oladigan bunday misollarning o‘zi kam. Printsip uchun kurashgan odamlar yo‘q jamiyatda. Bor bo‘lsa ham davlat nazoratidagi matbuot ularni qahramon qilib elga tanita olmaydi," deydi u.

Bu tanishimning gaplarida jon borga o‘xshaydi. Nazarimda, korruptsiya va poraxo‘rlikni tugatish haqida baland minbardan turib faqat bir kishi emas, pastdan turib hamma baralla bong ursa, bunga hammaning haddi sig‘a olgan taqdirdagina bizda qandaydir o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin.

Pulga pul sotib olish yo‘llari

O‘zbekistonda vaziyat shu darajaga yetganki, aksar hollarda pora berib ish bitirib ketish odatiy holga aylangan va bunga hamma ko‘nikib qolgan. Bir tanishim uyiga gaz hisoblagich qo‘ymoqchi bo‘ldi. Uni davlat standartidan porasiz o‘tkazish uchun bir oy chopib, yaqin 30 ming so‘m puli va qancha vaqti kuydi. Oxiri bo‘lmagach, 15 ming so‘m pora bilan ishi bitdi. "Ahmoq ekanman, boshidayoq shu pulni berganimda gaz hisoblagichni ikki marta do‘kondan sotib olib, ikki marta qayta topshirmagan bo‘lardim," deydi u.

Pora hatto yangi tug‘ilgan chaqaloqdan tortib kesa yoshdagi nafaqaxo‘rgacha borib taqaladi. Qo‘shnim yaqinda nevarali bo‘ldi va chaqaloq uchun davlat tomonidan belgilangan yordam puli olishni boshladi.

"Bolalar uchun to‘lanadigan yordam puli oyiga 90 ming so‘m atrofida ekan. Mahalla qo‘mitasidagi tegishli odamga shu yordam pulining bir oyligi pora sifatida qoldirilsa, pulni olish mumkin ekan. Biz shunday qildik. Lekin oradan to‘rt oy o‘tib, pul kelmay qoldi. Mahalla qo‘mitasidagi odam bizdan yana bir oylik evaziga tegishli hujjatlar bilan pul kelishini yurgizib yuborishini aytdi. Biz rozi bo‘ldik. Chunki, aks holda umuman pul olmasligimiz mumkin edi," deydi u.

Ko‘chamizdagi keksa opaning aytishicha, ular nafaqa pulidan ham pora beradi.

"Ha to‘g‘ri, hatto nafaqaxo‘rlar ham pora beradi. Avvallari nafaqa pulini o‘z vaqtida yetkazib kelgani uchun kassir bolaga har kim dilidan chiqarib berardi, 2 mingdan 10 ming so‘mgacha. Endi nafaqalar plastik kartochkaga o‘tkazila boshlandiku, shuning uchun naqd pul olish maqsadida kassir bolaga har kim 10 mingdan 15 ming so‘mgacha beradi," deydi opaxon.

Maoshlar va nafaqalarning plastik kartochklarga o‘tkazilishi O‘zbekistonda naqd pul taqchilligi va poraxo‘rlikning yangi usullarini yaratdi, ya‘ni bankirlar poraxo‘rligini yaratdi, deyish mumkin.

"O‘tgan yili 20 million kredit olish uchun o‘g‘lim bankka borganida 4 million pora so‘rabdi. Biz kredit olish niyatidan voz kechdik deydi opaxon.

Biroq nafaqa tarqatuvchi kassirlardan birining aytishicha, buni hech kim poraxo‘rlik yoki tovlamachilik demaydi, hammasi ko‘ngillilik asosida bo‘ladi.

"Chunki men ham nafaqaxo‘rlarga beriladigan naqd pulni sotib olaman. Bankda pul yo‘q, men Peynet tizimida o‘tirgan odamlar yoki do‘konchilar yoniga borib, ularga tushgan naqd pulni foiz berib sotib olaman. Ular menga naqd pul beradi, men esa nafaqaxo‘rlarga. Do‘konchilar ham naqd pulni bizning bankka olib borib topshirish tashvishidan qutuladi. Bu poraxo‘rlik emas, kerak bo‘lsa tadbirkorlik, pulga pul sotib olish," deydi nafaqa tarqatuvchi bank xodimi.

Demoqchi bo‘lganim, hukumat siyosatining shaffof emasligi, davlat idoralariga murojaat qilishdagi, turli rasmiyatchiliklarni bitirish yo‘lida yaratilgan to‘siqlar odamlarni pora berish va olishga majbur etadi. Bu esa ko‘pchilik e‘tirof etganidek, bizning hayot tarzimizga aylanib bo‘lgan.

Yana ba‘zilar poraxo‘rlik va pul bilan ish bitirishga moyillik aslida bizda chuqur tarixiy ildizlarga ega va buni yo‘q qilib bo‘lmaydi, degan fikrdaki, men bu haqda gapirmoqchi emasman.

Maktubim muxlislaringizni ranjitishi mumkin bo‘lgan tushkun ruhda bo‘lsa, uzr so‘rayman, chunki vaziyat o‘zi shunaqa, deya,

O‘zbekistonlik muxlisingiz.