Afg‘onistonda qo‘lga olingan to‘rt tojikistonlik ortga ekstraditsiya qilindi

Terrorchilik va "Al-Qoida" tarmog‘iga aloqadorlikda ayblanib, Afg‘onistonda qo‘lga olingan to‘rt nafar Tojikiston fuqarosi ortga ekstraditsiya etilishgan.

Mahbuslar yana qaytib Tojikiston Milliy Xavfsizlik Davlat qo‘mitasining vaqtinchalik hibsxonasiga joylashtirilganlar.

Qo‘mita voizining aytishicha, ulardan ikki nafari shu yilning yoz oylarida mamlakat sharqida hukumatga qarshi qurolli isyon uyushtirishga hozirlik ko‘rishda ayblanib, 30 yillik qamoq jazosiga hukm etilgan bo‘lgan. Ammo hukmdan bir hafta o‘tib, vaqtinchalik hibsxonadan qochgan.

Qolgan ikki nafar mahbus esa, taniqli sobiq dala qo‘mondonlaridan Mullo Abdullo boshchiligidagi "terrorchilik" guruhidagi faoliyatlari uchun mamlakat maxsus xizmatlarining qidiruvida bo‘lishgan.

To‘rtovlon bundan bir hafta burun Afg‘oniston shimoli-sharqidagi Taxor viloyati politsiyasi tomonidan qo‘lga olinishgandi. Ular bilan birga yana uch nafar Afg‘oniston fuqarolari ham hibsga olinishgandi.

Va shundan so‘ng ular qo‘shimcha surishtiruv va tergov ishlari uchun poytaxt Kobulga jo‘natilgandi.

Taxorlik rasmiylar yettovlonning viloyatning Tojikiston bilan chegaradosh Darqad tumanida politsiya va chegara kuchlarining qo‘shma amaliyoti chog‘ida qo‘lga olinganliklarini aytishgandi.

Tarixcha

Shu yilning 23 avgustida noma‘lum qurolli shaxslar Dushanbedagi Tojikiston Milliy Xavfsizlik Davlat qo‘mitasining vaqtinchalik hibsxonasiga hujum qilib, 25 mahbusni ozod etishgan edi.

Mahbuslar qochish chog‘ida qo‘riqchilardan bir nechtasini o‘ldirib, ularning qurol-yarog‘larini qo‘lga kiritishgandi.

Shundan so‘ng ular yaqindagi Adliya vazirligining tergov izolyatoriga ham hujum qilib, yana to‘rt qo‘riqchini o‘ldirishgandi.

Mahbuslar islomiy jangarilar ekani, terrorizm va giyohvand moddalar kontrabandasida ayblanib, uzoq yillik qamoq jazolarini ado etayotgan bo‘lganliklari aytiladi.

Hozirga qadar mahbuslardan 15 tasi ochiqda qolmoqda.