'Sayt Intellijens grup': 2010 yil O‘IHning 52 a‘zosi o‘ldirilgan

Odil Usmon
Image caption Usmon Odilning O‘IH yangi amiri ekani e‘lon qilingandi

Amerika Qo‘shma Shtatlarida joylashgan "Sayt Intellijens Grup" guruhi xabar qilishicha, oxirgi bir yil mobaynida O‘zbekiston Islomiy Harakatining 52 a‘zosi halok bo‘lgan.

"O‘zbekiston Islomiy harakati islomiy jangari guruhlardan biri bo‘lib, u Pokistonning qavmlar istiqomat qiladigan hududlarida faoldir. Guruh AQShning uchuvchisiz boshqariladigan uchoqlarining oxirgi paytda ko‘paygan raketalari nishoniga aylangan", deb yozadi "Sayt Intellijens Grup".

"Jangari guruh 1991 yilda O‘zbekistonda hukumatni ag‘darish va islomiy davlat barpo etish maqsadida tashkil etilgan", deb yozadi "Sayt".

"Bayonot "Shumux Al-Islom" forumida e‘lon qilingan", deb xabar qiladi asosiy maqsadi jihodiy ommaviy axborot vositalarini kuzatib borish va tarjima qilish ekanini aytadigan "Sayt Intellijens Grup".

Bayonotda O‘zbekiston Islomiy harakati a‘zolaridan 52 nafari oxirgi bir yilda halok bo‘lgani, ularning aksari havo hujumlarida o‘ldirilgani xabar qilingan.

O‘zbekiston Islomiy harakati Internetdagi Furqon.com veb-saytini harakatning internet-sahifasi ekanini aytadi va Furqon.com da "O‘zbekiston Islomiy Harakatining 1431 hijriy yil (melodiy 2010)dagi shahidlari" deb nomlangan xabar e‘lon qilingan.

"Jihodimiz bugungi kunda asosan uch jabha (front) - Pokiston, Afg‘oniston va Tojikiston diyorlarida davom etmoqda", deb yozadi Furqon.com.

O‘zbekiston Islomiy harakati "jihodiy harakati kengayganini", "mujohidlar soni qariyb ikki ikki barobar ko‘paygani"ni xabar qiladi.

"Shahidlar soni ham salmoqli" ekani aytiladigan veb-saytda halok bo‘lgan 52 kishining 9 mamlakatdan ekani ma‘lum etiladi.

Furqon.com ga ko‘ra, shu yil davomida halok bo‘lgan jangarilar Afg‘oniston, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Rossiyaning Tataristoni, Turkiya, Pokiston, Tunis va Marokash fuqarolari bo‘lganlar.

"Sayt Intellijens Grup" guruhi halok bo‘lganlarning aksari yosh yigitlar ekanini va ularning fotoapparatga qarab tushiriligan suratlari joylashtirilganini qayd etadi.

Suratlarda O‘zbekiston Islomiy harakatining a‘zolari turli qurollar bilan aks ettirilganiga e‘tibor qaratadi "Sayt Intellijens Grup".

Jihodiy saytlarni kuzatib boradigan "Sayt Intellijens Grup" halok bo‘lgan O‘zbekiston Islomiy harakatining aksar a‘zolari qayerda va qanday sharoitda hayotdan ko‘z yumganlari tafsiloti berilmaganini bildiradi.

Furqon.com oxirgi bir yil mobaynida halok bo‘lgan O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolari orasida shu yil oktyabridagi qamoqxonadan Namangan viloyatidagi yaqinlariga jasadi qaytarilgan Zayniddin Asqarov o‘limini ta‘kidlagan, uni "Shahid Zayniddin aka" deb atagan.

"1999 yildan beri zolim Karimov zindonida 11 yil asir bo‘lib turgan birodarimizning qilichdek keskir tilidan kofirlar qattiq qo‘rqishgan bo‘lsa kerak, u kishini qamoqxonadan tirik chiqarishga qo‘rqishdi", deb yozadi Furqon nuqta com sahifasi.