Yangi yilda "o‘zbekcha million ish o‘rni" yaratish oddiy odamlar nazarida

Image caption Samarqand yaqinidagi ayollar "mardikor bozori"

Assalomu alaykum BBC.

Ushbu maktubimda o‘zimga o‘xshash oddiy o‘zbekistonliklar yangi 2011 yildan nimalar kutayotgani haqida gapirmoqchi edim.

"Yangi yilda yaqin bir million ish o‘rni ochilishi haqida gapirilayapti. O‘tgan yili esa 900 ming ish o‘rni yaratilipti. Albatta, yangi yilda farzandlarimiz o‘z yurtlarida tirikchiligidan orttirib, uy qurish, oila boqish uchun jamg‘arishga yetadigan maoshli ish topsa yaxshi bo‘lardi. Biroq afsuski, o‘tgan yillardagi tajribadan kelib chiqib, yangi ish o‘rinlari qanday yaratilishi haqida biroz bo‘lsada tasavvurga egamiz," deydi toshkentlik 65 yoshli Fotima ismli ayol.

Unga ko‘ra, xususiy korxonalar qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga majbur etilgan. Natijada, xususiy tsex yoki xizmat ko‘rsatish korxonalari faqat qog‘ozda mavjud bo‘lgan ish o‘rinlari yaratgan. Aksar ish o‘rinlari uchun esa maosh oz bo‘lsa, yana bir qancha ish o‘rni nafaqa yoshida bo‘la turib ishlab kelayotganlarning o‘rnini bo‘shatishga qaratilgan.

Farg‘onalik tadbirkor do‘stimning aytishicha, paxta va bug‘doy planini qog‘ozda bajarish odati ish o‘rinlari yaratish siyosatiga ham qo‘llanmoqda.

"Avvalgi yillari prezident kam ta‘minlangan oilalarga qoramol berish uchun farmon chiqargandi. Xususiy tadbirkorlar, fermerlar bu ishga majburan jalb etildi. Qoramolga ega bo‘lgan oila boshliqlari esa ish bilan ta‘minlangan hisoblandi. Keyin fermerlar qo‘shimcha ishchilar olishga majburlandi, natijada qog‘ozda boru o‘zi yo‘q ishchilar soni ko‘paydi," deydi farg‘onalik ishbilarmon tanishim.

Qoramolga ega bo‘lgan oila boshliqlari esa ish bilan ta‘minlangan hisoblandi. Keyin fermerlar qo‘shimcha ishchilar olishga majburlandi, natijada qog‘ozda boru o‘zi yo‘q ishchilar soni ko‘paydi Farg‘onalik ismini aytishni istamagan tadbirkor Unga ko‘ra, hozirda xalq hunarmandchiligini rivojlantirish uchun astoydil targ‘ibot ketmoqda.

"Lekin zar do‘ppi tikish bilan hamma tirikchilik o‘tkaza olmaydi-ku. Kimni qarama, zar do‘ppi bilan zar chopon tikayotgan. Agar biz buni haqiqiy ish deya hisoblasak, bugundanoq butun O‘zbekiston xalqini qo‘lda to‘qilgan atlas va zar kiyimlar kiyishga o‘tkazishimiz kerak," deydi u.

Ayollarga tadbirkorlik uchun keng imkoniyat ochilayotganini eshitgan sirdaryolik qarindoshimiz Zuhra opa esa, bu ishga bel bog‘lagan. U qishloq joylarida yangi ish o‘rinlari yaratish uchun davlat dasturi doirasida 20 million so‘m kredit olgan.

"Qishloqda kichik hunar o‘rgatish xonasi ochib, o‘ttiz nafardan ziyod qizlarni tikish-bichish, parda tikish, pishiriqqa o‘rgatdik. Bir-ikki oydan keyin hech kim kelmay qo‘ydi. Chunki qani ish shuncha odamga? Qishloqda odamlar har kuni parda osib, har kuni tort yemaydi-ku. Shu bilan bu ish ham barham topdi," deydi Zuhra opa.

Uning aytishicha, agar haqiqiy ma‘noda tadbirkor uchun yo‘llar ochiq bo‘lganida, Rossiya firmalari bilan shartnoma tuzish, ularga issiq fufaykalar tikib eksport qilish va shu tariqa katta bir tsexni yurgizib o‘nlab qizlarni ish bilan ta‘minlash mumkin edi.

"Biroq bu ish uchun bizni hech kim paxta xomashyosidan bo‘lgan materiallarga yaqinlashtirmas ekan. Shuning uchun hozir qishloq hunar maktabim faqat qog‘ozda ishlayapti. O‘qituvchilar ham qog‘ozda mavjud. O‘zim esa olgan kreditni boshqa yo‘llar bilan pul topishga sarflayapman," deydi u.

Qishloq joylarida tadbirkor hokimiyat, sud, militsiya, prokuratura xodimlarini boqishi kerak. Bundan tashqari, turli xayriya tadbirlari uchun majburiy to‘lovlar bir oydayoq har qanday o‘rta hol tadbirkorni sindiradi," - deydi u.

Kichik biznes yilida "Oila biznesi" haqida qonun qabul qilinishi kutilayapti. Aslida odamlar hayotini yengillashtirib, tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilishi kerak bo‘lgan bunday qonunlar yaqin kunlarda yana qanday tashvishlar keltirishi noma‘lum. Lekin hozirdanoq buning qanday oqbitlarga olib kelishi sezilib turibdi, deydi poytaxt bozorida savdo qiladigan qo‘shnim.

"Men har kuni tongda Qo‘yliq bozoridan to‘rt-besh yashik meva keltirib shu yerda sotaman," deydi Mirobod bozoridagi sotuvchi. "Hozirgacha bu ishim uchun bozorga patta puli to‘layman, xolos. Biroq xavotirim shuki, yangi qoidalar ishga tushgach, men bu ishim uchun hokimiyatdan tadbirkorlik litsenziyasi olishim kerak. Natijada ham soliq to‘layman ham patta puli, hamda o‘zim uchun mehnat daftarchasi ochib, ishli bo‘lib qolaman," deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ma‘muriyat kassa apparati o‘rnatishni ham talab qiladi. "Oqibatda tadbirkorlik litsenziyasi, soliq, kassa apparati kabi to‘siqlar tufayli bu ishdan voz kechishga to‘g‘ri keladi. Chunki bizning daromad bilan bu talablarni bajarish aqlga sig‘maydi," deydi sotuvchi qo‘shnim.

Toshkentlik 62 yoshli Anisya opaning aytishicha, prezidentning kichik biznesni rivojlantirish va million ish o‘rni yaratish tashabbusi ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan yangiliklar paydo qilishga ham ulgurdi.

"Bir vaqtlar nevaralarim va o‘zimni ovutish uchun o‘g‘limga 100 litrlik akvarium va dekorativ baliqlar oldirgan edim. Baliqlarni yaxshi boqqanimiz uchun ular ko‘paydi. Ba‘zan ko‘paygan baliq bolalarini bozorda sotib, puliga yana yemak, filtr yoki kuygan chiroq o‘rniga yangisini olardik," deydi Anisya.

Uning aytishicha, yaqinda u bozorga borib hayratdan yoqa ushlab qolgan.

"Bozor eshigiga "Manzarali qushlar va baliqlarni tadbirkorlik litsenziyasiz sotish ma‘n etiladi," deb yozib qo‘yibdi. Kulishimni ham, yig‘lashimni ham bilmayman. Endi shu kichkina xonamda, bitta akvariumda boqqan va oyiga nari borsa 15 yoki 20 ming so‘mlik daromad keltiradigan xobbim uchun men tadbirkor bo‘lishim kerak ekan-da," deydi u o‘z noroziligini yashira olmay.

Unga ko‘ra, bozordagilarning barchasi unga o‘xshagan odamlar, kimdir baliq almashtirish uchun, kimdir ko‘paygan balig‘ini sotib, yemak olish uchun keladi. "Bu ketishda bir yilda bir marta tug‘ilgan kuchukchalarini sotadigan odamlar ham tadbirkor ekan-da. Uyida besh-oltita tovuq boqadiganlar-chi?" deydi u.

Ko‘pchilik hukumatning bu siyosatini "ketmonning sopini o‘zidan chiqarish", deb atayapti. Xobbi va ermak uchun nima bilandir shug‘ullanish ham biznesga kirsa, bu yil O‘zbekistonda kichik biznes gullab-yashnab, bir million emas, o‘n million ish o‘rni ham yaratish mumkin, deyishadi oddiy odamlar.

Aytmoqchi bo‘lganlarim shu edi. Kimgadir yoqar, kimgadir yoqmas. Lekin yilni bu qadar umidsizlik bilan boshlamaslik tarafdori esam-da, yuz berayotgan voqealarga to‘g‘ri baho berish kerak emasmi, deya o‘zbekistonlik muxlisingiz.

Muxlisimiz mulohazalari haqida siz qanday fikrdasiz?