O‘zbekiston Qatardagi Osiyo Kubogi o‘yinlarini ochib beradi

Futbol bo‘yicha 2011 yilgi Osiyo Kubogi o‘yinlari ertaga mezbon Qatar va O‘zbekiston milliy terma jamoalari orasidagi ilk bellashuv bilan start oladi.

Qatardagi Osiyo Kubogi o‘yinlarida qit‘aning 16 jamoasi ishtirok etmoqda. Markaziy Osiyoni esa, yolg‘iz O‘zbekiston namoyon etayotir.

Uchrashuvlarni boshqarayotgan hakamlar orasida o‘zbekistonlik taniqli hakam, uch karra "Osiyoning eng zo‘r hakami" Ravshan Ermatov ham bor.

O‘zbekistondan tashqari bu yil Xitoy, Quvayt, Yaponiya, Iordaniya, Saudiya Arabistoni, Suriya, Avstraliya, Bahreyn, Hindiston, Janubiy Koreya, Shimoliy Koreya, Eron, Iroq va Birlashgan Arab Amirliklari g‘oliblik uchun kurash olib borishadi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi tushgan "A" guruhi esa, ko‘plab futbol mutaxassislari tomonidan "O‘lim" guruhi deb baholanmoqda.

Chunki guruh bosqich bellashuvlaridan chiqish uchun o‘zbekistonlik futbolchilar Osiyo qit‘asida ko‘zga ko‘ringan qatar, xitoy va quvaytlik futbolchilarga qarshi maydonga tushishadi.

Yaqinda Xitoyda bo‘lib o‘tgan 16-Osiyo O‘yinlarida O‘zbekiston Olimpiya milliy terma jamoasi nimchorak o‘yinlarida qatarlik raqiblarini sensatsion ravishda yengib, chorak finalga chiqishga muvaffaq bo‘lishgandi.

Lekin qatarlik hujumchi Xalfanning omadsizligigina O‘zbekiston milliy terma jamoasining keyingi bosqichga chiqishiga imkon bergandi. Chunki o‘zbekistonlik futbolchilar chorak finaldan pastga qulashgandi.

Tadbir tashkilotchilariga ko‘ra, mezbon Qatar va O‘zbekiston milliy terma jamoasi orasidagi dastlabki uchrashuv Birlashgan Millatlar Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi idorasining ochlikka qarshi olib borayotgan global kampaniyasiga bag‘ishlanadi.

Biz o‘zbekistonlik taniqli futbol sharhlovchisi Abror Imomxo‘jayev bilan bog‘lanib, 2011 yilgi Osiyo Kubogi o‘yinlarini ochib berish o‘zlari uchun nimani anglatishini so‘radik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди