'2011 yilda O‘zbekiston iqtisodi jadallik bilan rivojlanadi'mi?

Britaniyada chop etiluvchi nufuzli The Economist jurnalining tahliliy bo‘limi rasmiy raqamlarga tayanib, O‘zbekistonni joriy yilda ham iqtisodi tez sur‘atda rivojlanuvchi davlatlar o‘nligiga kiritgan.

Economist Intelligence Unitning rasmiy ma‘lumotlarga tayanib aytishicha, 2011 yilda O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish sezilarli bo‘lib, 7.9 foizni tashkil etadi.

Britaniyalik tahlilchilarning ayni shu asosdagi bashoratlarida iqtisodiy o‘sish sur‘ati bo‘yicha O‘zbekiston Eritreya, Qatar, Gana, Efiopiya, Xitoy va Hindistondan keyin yettinchi o‘rinni egallagan.

O‘zbekiston hukumati yaqinda 2010 yilda mamlakatdagi iqtisodiy taraqqiyot darajasi 8.3 foizni tashkil etganini bildirgandi.

Biz Economist Intelligence Unit guruhining O‘zbekiston bo‘yicha iqtisodiy tahlilchisi Jon Endryuga bog‘lanib, ular keltirayotgan rasmiy raqamlar qanchalik haqiqatga yaqin, deb so‘radik:

Jon Endryu: O‘zbekiston iqtisodiyotiga nazar tashlaganda aksar tahlilchilar duch keladigan asosiy muammo shuki, o‘zbek rasmiylari bergan raqamlar umuman ishonchga loyiq emas. O‘zbekiston hukumati rasmiylari mamlakat iqtisodiy o‘sishini bo‘rttirishga, haqiqiy inflyatsiya darajasini esa pasaytirib ko‘rsatishga harakat qilishadi. Ular, shuningdek, mamlakatdagi ishsizlik darajasini past qilib ko‘rsatishga intilishadi. Biz va boshqa xalqaro tashkilotlar, jumladan, Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi O‘zbekiston rasmiylari bergan rasmiy raqamlarni beramiz. Unda esa, voqe‘likdan uzoq iqtisodiy ahvol gavdalanadi. Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, 2010 yilda Yalpi Yillik Ichki Mahsulot ishlab chiqarish hajmining o‘sishi 8.3 foizni tashkil etgan. Amalda esa, bu ko‘rsatkich O‘zbekistonda 3 foiz, nari borsa, 4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, ehtimol. O‘zbekiston rasmiylari yana so‘nggi global moliyaviy inqirozdan mamlakat iqtisodiyoti umuman zarar ko‘rmaganini da‘vo qilishadi.

Bi-bi-si: Siz bu da‘volar asossiz deb o‘ylaysizmi?

Jon Endryu: Men amalda bunday emas, deb o‘ylayman. Rasmiy iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari sog‘lom ekani da‘vo qilinsa-da, o‘zbek xalqi undan hech qanaqasiga bahramand bo‘layotgani yo‘q. O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari Qozog‘iston va Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik muhojirlarining yuboradigan pullariga bog‘liqdir. 2009 va 2010 yillarda Rossiya va Qozog‘iston iqtisodiyotlari jahon moliyaviy inqirozidan qattiq zarar ko‘rdi. Natijada, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining vatanlariga yuboradigan mablag‘lari 30 foizga tushib ketdi.

Bi-bi-si: Sizdagi hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish qanchani tashkil etgan bo‘lishi mumkin?

Jon Endryu: Bizda aniq va ishonchli raqamlar yo‘q. Biz O‘zbekiston hukumati bergan ma‘lumotlarni takrorlaymiz, xolos. Mening nazarimda, O‘zbekistonda 2010 yilda haqiqatdan ham iqtisodiy o‘nglanish bo‘ldi. Chunki asosiy eksport bozorlari moliyaviy inqirozdan chiqa boshlashdi. Misol uchun, O‘zbekistondan Rossiyaga avtomobilь sotish ancha yaxshilanib, 11 foizga o‘sdi. O‘zbekistonda Yalpi Yillik Ichki Mahsulot ishlab chiqarish hajmining o‘sishi o‘zbek rasmiylari aytayotganidek, 8.3 foizni emas, balki, mening taxminimcha, 3-4 foizni tashkil etdi.

Bi-bi-si: 2011 va 2012 yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy ko‘rsatkichlar bashorati qanday?

Jon Endryu: 2011 va 2012 yillarda iqtisodiy o‘sish sur‘ati biroz pasayadi. Chunki, mening o‘ylashimcha, jahon iqtisodiyotining o‘sishi yaxlit olganda sal sustlashadi. Bu, albatta, O‘zbekiston iqtisodiyotiga ham ta‘sir etmasdan qolmaydi. O‘zbek rasmiylari iqtisodiy sustlashuv O‘zbekistonga ta‘sir ko‘rsatmadi, deb da‘vo qilishlari mumkin, ammo amalda ta‘sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Rasmiylar iqtisodiy o‘sish 8 foizlar atrofida bo‘ldi, deyishlarini kutayapman. Ammo amalda 2011 yilda O‘zbekistonda o‘sish taxminan 2 foiz atrofida bo‘ladi, deb o‘ylayapman.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди