'O‘zbekiston hibsxonalarida jinsiy zo‘rlash hollari ortmoqda'

"Ezgulik" inson huquqlari jamiyati o‘zbek rasmiylarini tergov hibsxonalarida ayollarni jinsiy zo‘rlash hollari yuzasidan tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan.

Tashkilotning xabarida aytilishicha, dastlabki tergov davrida homilador bo‘lgan mahkumalarning soni ortmoqda.

"Ezgulik" Toshkentdagi ayollar koloniyasi va Zangiotadagi ayollar turmasida jazo muddatini o‘tayotgan uch ayolning ayanchli taqdirini misol qilib keltirgan.

2009 yilda giyohvand moddalar saqlashda ayblanib, uzoq yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan Xolisxon (ismi o‘zgartirilgan) Toshturmada dastlabki tergov davrida zo‘rlanishi ortidan qamoqxonada ko‘zi yorigan.

Surxondaryolik qotillikda ayblanib, mahkum etilgan Dilfuza Normatova esa? Zangiotadagi qamoqxonaga qornida uch oylik bola bilan olib kelingan.

"Ezgulik", shuningdek, 1980 yilda tug‘ilgan xorazmlik Nasiba Jumaniyozovaning Zangiotada jazo muddatini o‘tayotgan payt jinsiy zo‘rlanish oqibatida homilador bo‘lganini da‘vo qilgan.

Tashkilotning xabarida oxirgi xolat yuzasidan Zangiotadagi qamoqxonaning bir necha nazoratchilari ishdan olingani aytiladi.

"Ezgulik" Xalqaro Qizil Xoch tashkiloti va o‘zbek rasmiylarini ayni holatlar yuzasidan tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan.

'Keng tarqalgan'

O‘zbekiston hibsxonalarida gumondorlarni jinsiy zo‘rlash hollari yangilik emas.

2009 yilda militsiya tomonidan zo‘rlangani aytilgan surxondaryolik uch opa-singillarning taqdiri xalqaro jamoatchilik e‘tiborini O‘zbekistondagi ayni muammoga qaratgan edi.

Hodisada opa-singil Soatovalarning bezorilik va talonchilik ayblarini tan olishga majburlash yo‘lida militsiya xodimlari tomonidan qiynoqqa tutilib, zo‘rlangani iddao qilingan.

Birlashgan Millatlarning qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma‘ruzachisi Manfred Novakning aralashuvi ortidan o‘zbek rasmiylari hodisa yuzasidan tekshiruv o‘tkazishgan.

Ammo Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman militsiyasi jinsiy zo‘rlashda gumon qilingan militsiya xodimlarining DNK tekshiruvi natijasida da‘volarning tasdiqlanmaganini ma‘lum qilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, tekshiruv bironta ham militsiya xodimining Rayhon Soatovaning farzandiga aloqasi borligi dalillarini topmagan.

Rayhon Soatova 2009 yil 9 may kuni tergov hibsxonasida Mirzo Ulug‘bek tuman militsiyasining 12 xodimi tomonidan zo‘rlanganligini iddao qilgan.

2009 yil dekabrida u Toshkentdagi ayollar qamoqxonasida muddatidan avval qiz farzandli bo‘lgan.

Rayhon Soatova bilan birga, uning ikki singlisi ham bosqinchilikda ayblanib, biri ozod etilgan, boshqasi Rayhon bilan birga qamoq jazosiga mahkum etilganlar.

Soatovalar ishini kuzatib kelgan inson huquqlari tashkilotlari zo‘ravonlikka qo‘l urgani aytilgan militsiya xodimlarining jazoga tortilishlariga shubha bildirishgan.

BMTning qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma‘ruzachisi O‘zbekiston rasmiylarini hibs va qamoqxonalarida jinsiy zo‘rlash iddaolari yuzasidan jiddiy tekshiruv o‘tkazishga chaqirib keladi.

"Hibsxonalarda qiynoq va zo‘rlashlarga oid har bir ishni tekshirish va jinoyatchilarni mahkamaga tortish Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qiynoqlarga qarshi Konventsiyasini imzolagan O‘zbekiston uchun shart", deb aytgan BMTning Qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma‘ruzachisi Manfred Novak.