Arab amirliklari o‘zbek qochqinni ekstraditsiya qilishi mumkin

Image caption Birlashgan Arab Amirliklari o‘zbekictonlik muhojirlar uchun asosiy maskanlardan biridir

Qarorgohi Moskvada joylashgan Memorial inson huquqlari markazi tarqatgan xabarga ko‘ra, 2011 yilga o‘tar kuni Birlashgan Arab Amirliklarida o‘zbekistonlik G‘ayratjon Zoidov qo‘lga olingan.

Birlashgan Arab Amirliklari rasmiylari G‘ayratjon Zoidovni O‘zbekiston huquq tartibot idoralari talabi bilan hibsga olganliklarini ma‘lum qilganlar.

Asli toshkentlik 43 yoshli G‘ayratjon Zoidov 1999 yil Toshkent portlashlaridan keyin narkotiklar va diniy adabiyotlar saqlashda ayblanib, 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan va 2003 yilda amnistiya bo‘yicha ozodlikka chiqarilgan edi.

Memorial markaziga binoan, shuningdek, O‘zbekiston maxsus xizmatlarining xorij o‘lkalarda faollashgani kuzatilmoqda. Jumladan, o‘tgan yildan buyon Rossiya hududida bo‘lgan o‘zbek qochqinlarini o‘g‘irlash hollari kuchaygan.

BBC Memorial markazidan Vitaliy Ponomarevga bog‘landi va avvalo G‘ayratjon Zoidov haqida nimalar ma‘lumligini so‘radi.

Ponomarev: Men G‘ayratjon Zoidovning to‘liq tarjimai holini bilmayman. Ammo 1999 yil portlashlaridan keyin unga nisbatan chiqarilgan hukmda uning Toshkentlik ekani va qahvaxonada ishlagani qayd etilgan. U o‘shanda Toshkentda portlashlar sodir etilgan kunning o‘zida hibsga olingan. Ushlash chog‘ida uning cho‘ntagiga narkotik solib qo‘yishgan va uyidan diniy kitoblarni topishgan. Xullas, ko‘p o‘tmay G‘ayratjonni 8 yilga ozodlikdan mahrum etishadi va 2003 yil yanvarida umumiy avf farmoni asosida ozodlikka chiqarishadi. Ozodlikka chiqqach u bir necha yil davomida Toshkentda yashagan. Ammo, 2009 yilda Toshkentda diniy ulamolarga qilingan suiqasdlardan keyin huquq tartibot idoralari yana qora ro‘yxatni ko‘tarishadi va uni yana so‘roqqa chaqirishadi. Hibsga olishlaridan qo‘rqib, G‘ayratjon Zoidov avvaliga Qozog‘istonga qochadi, keyinchalik u yerdan Turkiyaga o‘tib ketadi. So‘ngi bir yil davomida u Birlashgan Arab Amirliklarida yashab yurgan. Xullas, uni o‘sha yerda 31 dekabrda qo‘lga olishgan.

BBC: Birlashgan Arab Amirliklari va O‘zbekiston o‘rtasida qidiruvdagi shaxslarni topshirish bo‘yicha kelishuv bormi?

Ponomarev: O‘tmishda Birlashgan Arab Amirliklaridan fuqarolarni Markaziy Osiyo mamlakatlariga topshirish hollari kuzatilgan. Bunday ekstraditsiyalar ancha shubhali asoslarda amalga oshirilgan. Men G‘ayratjon Zoidovni O‘zbekistonga topshirib yuborishlari xavfi yo‘q emas deb o‘ylayman.

BBC: Amirliklar inson huquqlari tashkilotlarining chaqiriqlariga quloq tutishi mumkin deb o‘ylaysizmi?

Ponomarev: Ha, albatta, inson huquqlari tashkilotlari chaqiriqlariga quloq tutish hollari bo‘lgan. Amirliklarda G‘ayratjon Zoidov ishida O‘zbekistonning qanday hujjatlarni topshirishiga e‘tibor qaratishadi. Men uning yaqinlariga bu ishni ko‘rib chiqa oladigan yaxshi himoyachi topishlari muhimligini aytdim. Uning bu holatda qochqin ekanligini va mutasaddi tashkilotlarga yordam so‘rab murojaat qilishi o‘ta muhimdir.

BBC: G‘ayratjon Zoidov misolida O‘zbekistonda dindorlarga nisbatan ta‘qiblar kuchaymoqda deb xulosa qilsa bo‘ladimi?

Ponomarev: Meni o‘ylashimcha, 2008 yilning ikkinchi yarmidan boshlab, qatag‘onlar to‘lqini bormoqda. Memorial tashkiloti shu oy oxirigacha O‘zbekistondagi dindorlarga bog‘liq ishlar haqida hisobot chiqaradi. Hozirda O‘zbekiston maxsus xizmatlarining xorij o‘lkalarda faollashgani kuzatilmoqda. Men, misol uchun, o‘tgan yildan buyon Rossiya hududida bo‘lgan o‘zbek qochqinlarini o‘g‘irlash hollari kuchayganini bilaman.

BBC: Tashkilotingiz vaqti vaqti bilan O‘zbekistondagi diniy va siyosiy mahkumlar ro‘yxatini chiqarib turasiz. Hozirda bunday mahkumlar soni bo‘yicha, taxminiy bo‘lsada, raqamlar bormi?

Ponomarev: Bu yerda bir muammo mavjud. Biz chiqarilgan hukmlar bo‘yicha O‘zbekistondan to‘liq bo‘lmagan ma‘lumotlarni olib turamiz. Ammo mahkumlarning muddatidan oldin ozod etilgani yo bo‘lmasa qamoq muddati uzaytirilgani bo‘yicha ma‘lumot to‘plash ancha qiyin. Bo‘lib o‘tgan mahkamalarga tayanib gapiradigan bo‘lsak, O‘zbekistonda jazoni o‘tash muassisalarida bir necha ming dindor bor deb xulosa qilish mumkin. Umuman, O‘zbekistondagi diniy mahkumlar sobiq Sovet respublikalaridagi siyosiy mahbuslarning umumiy sonidan ko‘proq.