Yaqinlari hibsdagi sobiq zobit Musayev taqdiridan xavotirda

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

O‘zbekistondagi qamoqxonalardan birida jazo o‘tayotgan O‘zbekiston Mudofaa Vazirligi sobiq xodimi podpolkovnik Erkin Musayevning taqdiri yaqinlarida jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.

Erkin Musayevning otasi Hayitjon Musayevga ko‘ra, o‘g‘liga qamoqxonada tazyiqlar o‘tkazilmoqda.

Haitjon Musayevning aytishicha, dekabr oyi o‘rtalariga belgilangan uchrashuv o‘g‘lining qamoqxona tartibini buzganlik bahonasi bilan bekor qilingan. Ularga qamoqxona rasmiylarining aytishlaricha, tartibni buzgani uchun uni izolyatorga tashlaganlar.

Hayitjon Musayevga ko‘ra, har safar o‘g‘lining taqdiri yuzasidan inson huquqlari tashkilotlariga murojaat qilganlaridan so‘ng, Erkin Musayevga qamoqxonada xuddi shunday jazo qo‘llanilgan.

Bu gal Haitjon Musayev Qizil Xoch xalqaro tashkiloti vakillaridan izoh so‘ragani va bu AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning O‘zbekistonga safari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi xususida taxminiy xulosaga kelganlarini aytadi.

Klinton xonimga O‘zbekistondagi huquq faollari nohaq qamalganlar ro‘yxatini berishgan va bu ro‘yxatda Erkin Musayevning ham ismi bo‘lgan. Ana shu holat, Haitjon Musayevga ko‘ra, o‘g‘liga nisbatan jazo chorasi qo‘llanishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Haitjon Musayevning aytishicha, o‘g‘lini 15 kun alohida izolyatorda saqlashgan. Yanvar oyi boshlarida u yerdan chiqarishgan va shundan so‘ng yaqinlari bilan uchrashish ruxsati berilgan.

Uchrashuv mobaynida Erkin Musayev hech qanday qamoqxona tartibini buzmaganligini aytgan.

Haitjon Musayevning aytishicha, o‘g‘lining josuslikka oid ayblovlar bilan nohaq qamalishi uning boshqa o‘g‘illariga ham ta‘sir qilgan, ularning lavozimlari pasaytirilgan va ba‘zilari boshqa ishga o‘tishga majbur bo‘lishgan.

Podpolkovnik Erkin Musayevga nisbatan Amerika Mudofaa vazirligi - Pentagonga O‘zbekiston va Rossiyaning harbiy sirlarini yetkazganlik ayblovlar qo‘yilgandi.