O‘zbekistonda o‘rtacha maoshga qanday kun kechirish mumkin?

Image caption Eng birlamchi oziq-ovqat uchun (non, go‘sht, guruch, yog‘, kartoshka, piyoz, sabzi, olma, sariyog‘, sut-qatiq, shakar) bir oyda 300 ming so‘m ketar ekan.

Assalomu alaykum hurmatli BBC.

Keyingi paytlarda O‘zbekistonda erishilayotgan "yutuqlarni" tobora ko‘klarga ko‘tarish, xalqning kundan-kunga boyib borayotganini qayta-qayta eshitavergandan so‘ng dono xalqimizning "holva degan bilan og‘iz chuchimas" degan maqoli mazmuniga yetgandekman.

Kecha yana o‘sha "Axborot"da prezidentimizning uzoqni ko‘zlagan dono siyosati tufayli o‘zbek xalqining boyib borayotganini ko‘rsatish maqsadida bir qancha raqamlar qalashtirib tashlandi. Eslab qololganim, bugungi kunda har yuz xonadonga yuzdan oshiq televizor, yuzga yaqin muzlatgich va yana bir qancha avtomobil to‘g‘ri kelishi bo‘ldi.

Men "jonboz muxbirlarimiz"ning bu raqamlariga qarshi bir narsa demoqchi emasman. Biroq bugun dunyoning aksar qismida bir xonadonda bir televizor va bir muzlatgich bo‘lishi bu hali farovonlikdan nishona emasligi, hamma gap ana o‘sha muzlatgichning ichida nima borligida ekanini aytmoqchi edim. Qolaversa, muxbirlar bu raqamlarni olamshumul xabar sifatida tavsiya etar ekan, bularning bari hukumat yuritayotgan iqtisodiy siyosat natijasi ekanini ro‘kach qilganidan qattiq ranjidim, xolos.

Darhaqiqat aholi televizorlar, muzlatgichlar va avtomobillar sotib olmoqda. Biroq men aminmanki, aksariyat kishilar bu narsalarga quruq maoshi bilan erishayotgani yo‘q. Qolaversa, televizordagi tahlilchilarimiz O‘zbekistonga chetdan mehnat muhojirlari jo‘natayotgan milliardlab dollar haqida lom-mim demay, mamlakat iqtisodiga jiddiy yordam berayotgan gasterbayterlarning tahlikali sharoitdagi mehnati mahsulini "yurtboshining dono siyosati" bilan adashtirib yubormadimikin!?

Keling, so‘zlarim quruq bo‘lmasligi uchun ba‘zi hisob-kitoblarga muroajaat qilsak:

Bugun O‘zbekistonda o‘rtacha maosh rasman 480-500 ming so‘m atrofida. Albatta, prezident o‘tgan olti oy ichida o‘rtacha maosh 500 AQSh dollariga, ya‘ni 800 ming so‘mga yetib qolishi haqida bir necha marta takrorladi. Lekin amalda buni hali odamlar ko‘rgani yo‘q. Shu sabab o‘rtacha maosh ko‘pi bilan 500 ming so‘m atrofida.

Men o‘zimdan, qo‘shnilarim va do‘stlarim turmushidan kelib chiqib, o‘rtamiyona oila maoshi va xarajati haqida gapirmoqchiman. O‘rtacha oilada otaning maoshi 600 ming, maktabda muallimlik qiladigan onaning maoshi 300 ming so‘m, jami 900 ming. Oilada uch farzand, biri kollejda o‘qisa, ikkisi maktabga boradi.

Ularning bir oylik transport xarajati 150 ming so‘m, elektr, gaz, suv va boshqa kommunal xizmatlar uchun to‘lov 120 ming so‘m. Eng birlamchi oziq-ovqat uchun (non, go‘sht, guruch, yog‘, kartoshka, piyoz, sabzi, olma, sariyog‘, sut-qatiq, shakar) bir oyda 300 ming so‘m ketar ekan. Kir yuvish vositalari va shaxsiy gigiyena mahsulotlari uchun 40 ming so‘m.

Oila a‘zolari navbat bilan bir oyda bir kishini o‘rtamiyona kiyintirishga kamida 250 ming so‘m sarflaydi. Bolalar tez o‘sishi va fasllar almashib turgani uchun kiyinishga aslida ko‘proq sarflashga to‘g‘ri kelsa ham eng kamini olamiz.

Shu tariqa bu oila rosa kamxarjlikka tirishsa 840 ming so‘m sarflashi va atigi 60 ming so‘m tejab qolishi mumkin ekan. Biroq biz hali kollej va maktablardagi ko‘ngilli-majburiy yig‘imlar, ishxonadagi kutilmagan xarajatlar, tug‘ilgan kunlar va ko‘chada ovqatlanish hollarini nazarda tutmadik.

Shu tariqa bu o‘rtamiyona oila doktorga bormay, dam olmay ter to‘kib ishlab pul tejasa 15 oydan keyin bir muzlatgich sotib olishi mumkin ekan. Lekin buning iloji yo‘q, bolalarni yangi o‘quv yiliga tayyorlash uchun o‘tgan kuz ular 400 ming so‘m sarflab qo‘yishgan. Doktorga, hech qursa o‘z bilganicha davolanish uchun dorixonaga kirmaslikning iloji yo‘q.

Lekin o‘zbeklar mehnatkash xalq. Ota ishdan keyin xususiy buyurtmalar olib qo‘shimcha pul topadi, kezi kelganda o‘zi ishlaydigan tashkilotdan biror narsa o‘marib chiqadi va oyiga 300-400 ming so‘m topadi. Ona esa qiyin bo‘lsa-da, maktabda a‘lochilikka da‘vogar o‘quvchilarning bahosini sun‘iy pasaytiradi va darsdan keyin ularga soatiga uch ming so‘mdan repetitorlik qiladi. Tanaffuslarda, gapga va qarindosh-urug‘nikiga borganda Orifleym kosmetik mahsulotlarini sotadi.

Dala hovlisi borlar yoki qishloq aholisi uchun esa tomorqa bor. Meva va sabzavot yetishtirish maoshning o‘rnini bosadi. Shaharlarda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi kishilarning daromadi ancha katta. Biroq o‘rtacha maosh haqida gap ketganda bugun O‘zbekistonda hech kim maosh bilan yashashi, farzandlarini katta qilib, o‘qitib, uylashni tasavuriga sig‘dira olmaydi. Hamma yashirin va norasmiy daromad manbalarini qidiradi va bu tabiiy ko‘riladi.

Image caption Kimdir kun o‘tkazish uchun tilanchilik qiladi

Demoqchi bo‘lganim, aksar kishilarning moddiy hayotida o‘zgarishlar yuz berayotgan bo‘lsa, bu hukumat g‘amxo‘rligidan emas, aksincha, qimirlagan odamdan pul undirmoqchi bo‘lgan davlat nazoratchilaridan yashirincha topilayotgan daromad tufayli odamlar moddiy sharoitini yaxshilashga urinmoqda. Mamlakat qishloqlarida kuchga to‘lgan yigit borki o‘zga yurtlarga ish qidirib ketgan, qolgani faqat ko‘cha sang‘iydi.

Sho‘ro davrida harbiyga borgan yigitlarga qiz topilishi oson bo‘lgan esa, hozir Rossiyada ishlab kelgan yoki ishlayotgan yigitlar jo‘natgan sovchi quruq qaytmaydi. Bo‘lg‘usi quda tomonga "oilasidan kimdir Rossiyada ishlar ekan" deyishning o‘zi kifoya. Chunki bugun qishloqda chiroyli uy qurgan ham, avtomobil sotib olgan ham o‘shalar.

O‘rtacha maosh bilan esa qo‘lni kissadan chiqarmaslik kerak, chiqarganlar esa cho‘ntak qurg‘ur teshilib qolmadimi degan xavotirda bo‘ladi, xolos.

Hurmat ila o‘zbekistonlik muxlis.