Taniqli siyosiy mahbus ozod etilishiga oz qolganda kartserga tashlangan.

Image caption Rashid Bekjonning oilasi uning jazo muddati uzaytirilishidan xavotirda

O‘zbekiston hukumatiga muxolif Erk partiyasining a‘zosi, hamda partiya raisi Muhammad Solihning ukasi Rashid Bekjon ozod etilishiga bir necha kun qolganda Navoiy shahridagi qamoqxona kartseriga tashlangan.

Rashid Bekjon 12 yildan beri panjara ortida saqlanadi. U 1999 yil fevralida Toshkentda yuz bergan portlashlardan ko‘p o‘tmay hibsga olingandi.

Toshkent portlashlarini uyushtirishda islomiy ekstremistlar va Erk partiyasi ayblangandi.

Rashid Bekjonning rafiqasi 1 fevral kuni Navoiydagi koloniyaga turmush o‘rtog‘ini ko‘rishga kelganida, u "ichki qoidalarni buzgan"likda ayblanib, kartserga tashlangani ma‘lum qilingan.

Erk partiyasi faollariga ko‘ra, bu bilan O‘zbekiston hukumati taniqli siyosiy mahbusni ozodlikka chiqarish niyati yo‘qligini ko‘rsatmoqchi.

"Ikki haftadan so‘ng chiqadi deb farzandlari, oilasi juda ham quvonib yurishgandi," - deydi Toshkentdagi norasmiy "Mazlum" inson haqlarini himoya qilish tashkilotining ijroiy direktori Dilorom Ishoqova.

Toshkentdagi portlashlar ortidan O‘zbekiston muxolifatining lideri Muhammad Solihning uch ukasi qamoqqa olingandi.

Rashid Bekjondan tashqari Muhammad Bekjon Ukrainada hibsga olingan va O‘zbekistonga topshirilgan, undan avvalroq Komil Bekjon Xorazmda qo‘lga olingandi. Hozirda Rashid va Muhammad Bekjonlar tutqunlikda qolishmoqda.

Rashid Bekjonning salomatli o‘ta abgorligi xabar qilingan.

Bi-bi-si bilan suhbatda Muhammad Solih ukasining qismati butun xalq fojiasidan bir parcha ekanini aytdi.

"Bu narsani avvaldan qo‘rqib kutayotgandik. Afsuski kutganimizdek bo‘ldi. Karimov rejimi o‘ziga muxoliflarga qarshi shafqatsizlik bilan kurashayapti. Bu bizning oilaviy fojiamiz butun O‘zbekiston xalqi fojiasidan bir parcha. Ammo dunyo o‘zgarayapti. Mana 30 yil mamlakatni boshqargan Misr prezidenti hokimiyatdan ketishga va‘da berdi. Umid qilamizki, Misr va Tunisdagi kabi voqealar O‘zbekistonda ham takrorlanadi," - deydi Muhammad Solih.

Dilorom Ishokovaning aytishicha, Muhammad Solihning oilasi O‘zbekistonda ta‘qib qilinishda davom etmoqda.

"Men Muhammad Solihning bir jiyani bilan ko‘rishdim. Hech qayerga ishga joylasha olmay yuribdi. U Muhammad Solihning qiz jiyani. Universitetni a‘lo baho bilan bitirganiga qaramay, hech qayerga ishga olishmaydi. Muhammad Solihga tegishli bo‘lgan hamma insonlarning hayoti mana shu tarzda kechayapti," - deydi Ishoqova xonim.