Toshkentda Sobir Rahimov haykali ko‘chirildi

Image caption Tahlilchilarga ko‘ra, O‘zbekistonda Ikkinchi Jahon Urushining ahamiyati pasaytirilmoqda

Toshkentning Olmazor tumanidan o‘tgan yanvar oyi boshida olib tashlangan General Sobir Rahimov haykali endi Chilonzorga o‘rnatilgan.

Harbiy qahramonning haykali endilikda Chilonzordagi G‘afur G‘ulom (sobiq Mirzo Ulug‘bek) istirohat bog‘iga joylashtirilgan.

Haykalning ko‘chirilishiga sabab deb Sobir Rahimov tumani nomining Olmazor deya o‘zgartirilishi aytiladi.

O‘ttiz yil avval ochilgan yodgorlik o‘rnida endi olma daraxtlari o‘stirilishi rejalangan.

Tarix qayta yozilmoqdami?

Ayni damda Olmazor tumanining bir qator yashovchilari tumanning nomi o‘zgartirilishidan va haykalning ko‘chirilishidan norozi bo‘lishgan.

Tumanda istiqomat qiluvchi huquqshunos Surat Ikromovning aytishicha, rasmiylar tomonidan hech kimga hech qanday izoh berilmagan.

"U nafaqat mahalliy, balki milliy qahramon. Men o‘zim u tug‘ilib o‘sgan hovliga yaqin joylashgan uyda katta bo‘lganman, oilasini tanirdim. O‘zbeklar uni juda hurmat qilishadi... Nimaga tuman nomini o‘zgartirishayapti, buni hech kim bilmaydi," - deydi Surat Ikromov.

Janob Ikromovga ko‘ra, O‘zbekistonda Ikkinchi Jahon Urushiga bo‘lgan munosabat o‘zgarmoqda.

"Mana o‘tgan yil Moskvada Ikkinchi Jahon Urushining 65 yilligi ulkan parad bilan nishonlandi, unda butun dunyodan kelgan davlat rahbarlari bilan birga sobiq sho‘ro respublikalari rahbarlari va urush fahriylari qatnashdi. Ammo, faqat O‘zbekiston vakillari unga bormadi. Fahriylarimiz juda hafa bo‘lishdi," - deydi u.

Huquqshunosning aytishicha, O‘zbekistonda tarixni qayta yozish tendentsiyasi Ikkinchi Jahon Urushi va unda ishtirok etib jonini fido qilgan vatandoshlarimizning xotirasini so‘ndirmoqda.

"Paradni tomosha qilib o‘tirib, qozoq, qirg‘iz, belorus, ukrain fahriylar safida bizning urush fahriylarimiz yo‘qligini ko‘rib ko‘zimga yosh oldim," - deydi Surat Ikromov.

Ma‘muriy qiyinchiliklar

Surat Ikromovning aytishicha, tuman nomining o‘zgartirilishi nafaqat fuqarolar ongiga, balki cho‘ntagiga ham ta‘sir qilmoqda.

"Sobir Rahimov, hozirda Olmazor, Toshkentdagi eng katta tumanlardan biri. Sovet davrida ham biz eng aholisi zich tumanlardan hisoblanganmiz. Endi shuncha odam, yuz minglab kishilar o‘z hujjatlarini o‘zgartirishlariga to‘g‘ri keladi, va bu qator qiyinchiliklar uyg‘otadi. Byudjetga ham bu arzonga tushmaydi," - deydi u.

Qahramon

Sobir Rahimov 1902 yilda Toshkentda tug‘ilgan. U Ikkinchi Jahon Urushida jang qilgan va bir necha bor yaralangan.

General Rahimov 1944 yil noyabrida ikkinchi Belarusь frontining 65-armiyasidagi 37-merganlar diviziyasi qo‘mondoni etib tayinlangan.

O‘zbekistonlik qo‘mondon 1945 yil martida jang maydonida halok bo‘lgan va Toshkentda dafn etilgan. Vafotidan 20 yil o‘tib unga Sovet Ittifoqi qahramoni unvoni taqdim etilgan.