Xayrulla Hamidov: "Hammasi yaxshi, faqat sizni qattiq sog‘indim..."

Image caption "Hammasi yaxshi, faqat sizni qattiq sog‘inaman..."

Qator diniy asosdagi ayblovlar bilan olti yillik qamoq jazosiga hukm etilgan o‘zbekistonlik taniqli jurnalist Xayrulla Hamidovning yaqinlari endi mustaqillikning yigirma yillik munosabati bilan e‘lon etilishi kutilayotgan avfdan umid qilmoqdalar.

Shu kunlar turmush o‘rtog‘i bilan ko‘rishishga muyassar bo‘lgan jurnalistning turmush o‘rtog‘i Dilnoza Hamidovaga ko‘ra, mahbus ijodkorning kayfiyati yaxshi, tushkunlikka tushgani yo‘q.

“ Ular bilan o‘tirganlardan hech kim amnistiyaga tushmabdi, Xudo hohlasa, sentyabrda e‘lon etiladiganiga tushib qolaman deb umid qilmoqdalar. Bizning ham umidimiz shundan...” deydi Dilnoza Hamidova.

Dilnoza Hamidovaga ko‘ra, Xayrullo qamoqxonaning klubida o‘z ijodini davom ettirmoqda ekan.

Yaqinlari Xayrulla bilan har uch oyda ikki sutkalik, bir yarim oyda ikki soatlik uchrashuvga izn berilganini aytishmoqda.

Yangiyo‘ldagi yopiq mahkama o‘tgan yil may oxirlarida yoshu qari orasida diniy – ma‘rifiy dasturlari, she‘rlari bilan misli ko‘rilmagan ravishda tanilgan Xayrulla Hamidovni noqonuniy diniy guruhga a‘zolik hamda jamoat tartibiga xavf soluvchi materiallarni tayyorlash va tarqatishda aybdor deb topgan edi.

Mahkama jarayonida u o‘ziga qo‘yilgan ayblarni rad etgan.

U ayblov tomoni ashyoviy dalil sifatida taqdim etgan va "jamoat xavfsizligiga tahdid" ekani da‘vo qilingan audio va video materiallar radio va televideniyedagi mualliflik dasturlarida efirga uzatilganini aytgan.

Xayrulla Hamidov o‘tgan yil 22 yanvarda hisbga olingandi.

Xalqaro tashkilotlar 35 yoshli Xayrulla Hamidovni hibsdan ozod etish talabi bilan O‘zbekiston hukumatiga ochiq murojaatlar bilan chiqishgan.

Uning she‘r, esse va ma‘ruzalari yozilgan audio hamda video yozuvlar internet, shuningdek, mintaqaning boshqa davlatlarida ham keng tarqalgan.

Muxlislariga ko‘ra, Xayrullo Hamidov o‘z chiqishlarida diniy mavzular bilan birga, dolzarb ijtimoiy muammolarni ko‘tarishi bilan ham e‘tibor qozongan.

Xayrullo Hamidov asos solgan "Odamlar orasida" ro‘znomasi qisqa vaqt ichida O‘zbekistonda eng ko‘p sotiladigan nashrga aylangan, ammo olti oydan so‘ng turli vajlar bilan yopib qo‘yilgan.

Oxirgi vaqtlarda O‘zbekiston mahkamalari "jihodchi" va "vahhobiylik" da ayblangan o‘nlab insonlarni uzoq yillik qamoq jazolariga mahkum etgan.

SMS raqamimiz: +447786201124