Oziq-ovqat narxlarining o‘sishi O‘zbekistonda qanday oqibatlarga yetaklashi mumkin?

Image caption O‘zbekistonda aholining oylik maoshi ko‘p hollarda bozorlardagi narxu navolarga mos tushmasligi aytiladi

Jahon banki rahbarining ogohlantirishicha, dunyo bo‘ylab oziq-ovqat narxlari "xavfli darajada" ko‘tarilgan va bu Markaziy Osiyodagi shundoq ham qaltis siyosiy, ijtimoiy vaziyatni murakkablashtirishi mumkin.

Bank keltirgan ma‘lumotlarga ko‘ra, bug‘doy, makka, shakar va o‘simlik yog‘i qiymatining keskin ko‘tarilishi o‘tgan to‘qqiz oy ichida rivojlanayotgan davlatlarda 44 milliondan ortiq kishini nochorlik girdobiga tashlagan.

Aksariyat aholisi kambag‘allikda kun kechirishi aytiladigan O‘zbekistonda ham o‘tgan yili asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari ko‘tarilgandi. Shunday ekan, bugun O‘zbekistondagi vaziyat qanday?

Toshkentdan mustaqil iqtisodchi Jahongir Shosalimovning aytishicha, hozirda Qozog‘iston unining narxi ikki barobarga ko‘tarilgan.

"Bir kilogramm Qozog‘istonning oliy uni 900 so‘m edi, hozir mana 1800 so‘m sotilyapti. O‘zimizning, O‘zbekiston g‘allasidan tayyorlangan un mavhum sabablarga ko‘ra, respublikaning yirik shaharlarida yo‘q", deydi Jahongir Shosalimov.

Unga ko‘ra, boshqa mahsulotlar, masalan, o‘simlik yog‘ining narxi ham bundan olti oy oldingiga qaraganda oshgan: "O‘simlik yog‘i 4 ming 400 so‘m sotilyapti. Bundan 6 oy oldin 3 ming so‘mdan oshmagan edi, 3 ming so‘m atrofida edi".

Ammo, Jahongir Shosalimovning aytishicha, aholi narxu navolarning oshishiga norozilik bildirayotgani yo‘q.

"Chunki, ular bilib turibdi, hukumat ularning dardini eshitishni ham xohlamayapti", deya fikr bildiradi iqtisodchi.

Ayni paytda O‘zbekistondagi aksar aholining oylik maoshi hozirgi narx - navolar bilan muvofiq tushmasligini aytiladi.

Jahongir Shosalimov vaziyat shu tarzda davom etadigan bo‘lsa, Jahon banki rahbari aytganidek, Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekistonda ham ijtimoiy va siyosiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkinligini aytadi.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди