To‘rt o‘zbekistonlik Ukrainadan ekstraditsiya qilinish xavfi ostida

Фото муаллифлик ҳуқуқи UNIAN
Image caption Ukraina o‘zbekistonlik boshpana izlovchilar uchun odatiy manzildir

Ukrainada siyosiy boshpana so‘ragan to‘rt o‘zbekistonlik 2010 yilning iyunidan beri Kiyevdagi hibsxonada saqlanmoqda.

Umid Hamroyev, Qosim Dadaxonov, Shodilbek Soibjonov va O‘tkir Akromovlar O‘zbekistonda o‘z diniy qarashlari tufayli ta‘qib qilinayotganlarini da‘vo qilib Ukraina hukumatidan boshpana so‘rashgandi.

Biroq, ukrain xavfsizlik kuchlari ular O‘zbekiston tomonidan qidiruvga e‘lon qilingan jinoyatchilar ro‘yxatida ekanini aytib, boshpana izlovchilarni hibsga olgan.

Boshpana izlovchilarning sakkiz oydirki xibsxonada ushlab turilganiga O‘zbekiston hukumatidan ularning ekstraditsiya qilinishi uchun zarur bo‘lgan hujjatlarning olinmagani sabab ekani aytiladi.

Kiyevdagi "Ijtimoiy harakat" markazining "Chegaralarsiz" loyihasi muvofiqlashtiruvchisi Irina Fedorovichning aytishicha, to‘rtovlonga nisbatan O‘zbekistonda jinoiy ishlar ochilgan va ular diniy ekstremizmga bog‘liq jinoyatlarda ayblanishmoqda.

"Bu O‘zbekistonda eng ko‘p uchraydigan ayblovlar desa bo‘ladi. Ularning birontasiga ham O‘zbekistondaligida jinoiy ish ochilmagan, faqat chet mamlakatga chiqib ketganlaridan so‘ngina jinoiy ishlar ochilgan," - deydi Irina Fedorovich BBC bilan suhbatda.

Ukrainaning chet el fuqarolarini ekstraditsiya qilish borasidagi qonuniga binoan, chet el fuqarosi 30 kun hibsda ushlanishi mumkin. Undan so‘ng esa mahkama qarori bilan ish bosh prokuraturaga oshiriladi.

Bosh prokuratura boshpana izlovchini 18 oygacha hibsxonada saqlash huquqiga ega. Bu muddat davomida u ekstraditsiyasi talab qilingan shaxsning vatanidan olingan hujjatlarni ko‘rib chiqishi kerak.

"Biroq gap shundaki, qonunda ekstraditsiya qilinishi talab qilingan shaxslar agar boshpana izlovchi bo‘lsa, ularning ishi qanday ko‘rilishi borasida biron narsa aytilmagan. Aniq qoida yo‘q. Prokuraturaga esa buni o‘z foydasiga talqin qilayapti, albatta uning uchun boshpana izlovchilar hech qayerga ketmay, hibsxonada saqlangani qulayroq," - deydi Fedorovich xonim.

Ayni damda Irina Fedorovich to‘rt o‘zbekistonlikning Toshkentga qaytarilmasligiga umid borligini aytadi.

Unga ko‘ra, "Ijtimoiy harakat" allaqachon to‘rt o‘zbekistonlikning ishi bo‘yicha Inson Huquqlari bo‘yicha Ovro‘po Mahkamasiga murojaat qilgan va Ovro‘po Mahkamasi rasmiy Kiyev bilan muloqot olib bormoqda.

"Ovro‘po Mahkamasi bir necha bor Kiyevga ta‘kidlab aytgan - O‘zbekistonga hech kim qaytarilmasligi kerak," - deydi Fedorovich xonim.

Besh yil avval, 14 fevralda, 11 nafar o‘zbekistonlik boshpana izlovchi Ukrainadan O‘zbekistonga qaytarilgandi. Ularning bari O‘zbekistonda uzoq yillik qamoq jazolariga hukm etilganlar.