'Jasliq'da diniy mahbuslarga nisbatan yangi jinoiy ishlar to‘qib chiqarilmoqda'

Фото муаллифлик ҳуқуқи a

O‘zbekistondagi mustaqil inson huquqlari himoyachilari Tashabbus guruhining bayon qilishicha, "Jasliq" qamoqxonasida saqlanayotgan diniy mahbuslarga nisbatan yangi jinoiy ishlar to‘qib chiqarilmoqda.

Tashkilot o‘zining so‘nggi bayonotida "Jasliq" qamoqxonasida saqlanayotgan Farg‘ona viloyatilik Nabijon Mamajonovning hodisasi bunga misol ekanini aytadi.

Ayon bo‘lishicha, Nabijon Mamajonov 12 yillik qamoq jazosini o‘tab bo‘lib, shu yilning 21 martida ozodlikka chiqishi kerak bo‘lgan.

Tashabbus guruhiga ko‘ra, xuddi shu sababdan ham zudlik bilan unga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 221-moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘alib, tergov jarayoni boshlab yuborilgan.

Mazkur modda esa, "Qamoqxona ma‘muriyatining qonuniy talablarini ado etmaslik"ni ko‘zda tutadi.

Tashkilot o‘z xabarida mahbus rafiqasi Shamshixon Mamajonovaning so‘zlariga tayanadi.

35 yoshli Nabijon Mamajonov 1999 yilda hukm etilgan bo‘lgan.

U "O‘zbekistondagi konstitutsion tuzumga tajovuz qilish", "Ekstremist, bo‘lginchi, fundamentalist va boshqa noqonuniy tashkilotlarni tuzish, ularga rahbarlik qilish va a‘zo bo‘lish" kabi qator ayblarda ayblangan.

Tashabbus guruhi o‘z aybiga iqror bo‘lishi uchun Nabijon Mamajonovning hibsga olingan paytda shafqatsiz qiynoqlarga tutilganini ham ma‘lumot o‘laroq keltirib o‘tadi.

Nabijon Mamajonov qamoq muddatining to‘rt yilini Navoiyda, qolgan sakkiz yilini esa, "Jasliq" qamoqxonasida o‘tayotgan bo‘lgan.

Biz Toshkentdan Tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov bilan bog‘lanib, Nabijon Mamajonov ustidan olib borilayotgani aytilgan tergov ishi tafsilotlari bilan qiziqdik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди