Qozoq shirkati O‘zbekistonni elektr energiyasini o‘g‘irlashda ayblamoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP
Image caption Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida elektr energiyasidan foydalanishda oxirgi yillarda jiddiy muammolar yuzaga kelgan

Qozog‘istonda elektr uzatish tizimini idora etuvchi KEGOC shirkati O‘zbekistonni Qozog‘iston elektr energiyasini "sistematik tarzda" o‘g‘irlashda ayblagan.

O‘zbekiston hech qanday kelishuvsiz va to‘lovsiz Qozog‘iston yagona energiya tizimidan elektr energiyasini olishda davom etmoqda, deyiladi KEGOC chiqargan bayonotda.

Bu KEGOC shirkatining ishonishicha, bundan o‘n uch yil muqaddam Markaziy Osiyoning to‘rt mamlakati - Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida imzolangan energiya tizimlarining paralel ishlashiga oid bitimning yaqqol buzilishidir.

KEGOC hisob-kitobiga ko‘ra, O‘zbekiston bitimda nazarda tutilganidan tashqari 11 million kVt soat elektr energiyasini iste‘mol qilgan.

Oqibatda, KEGOCning da‘vo qilishicha, Qozog‘istonning janubiy viloyatlarini elektr energiyasi bilan ta‘minlash "zo‘riqishlarga yo‘liqmoqda".

Qozog‘istonda energiya uzatish tizimini idora etuvchi shirkatga ko‘ra, "O‘zbekenergo" davlat hissadorlik shirkati bilan yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha o‘tkazilgan muzokaralarga qaramasdan, elektr energiyasidagi uzilishlar davom etmoqda.

Bu borada o‘zbek tomonidan hozirga qadar hech qanday javob bo‘lmagan.

Energiya taqchilligi

O‘zbekiston garchi energiya mustaqilligiga to‘la erishganini ta‘kidlab kelsa-da, qish mavsumi boshlanishi bilan mamlakatning o‘zida gaz va elektr taqchilligi boshlanadi.

Yuzlab qishloqlar va o‘nlab kichik shaharchalar har yili qish mavsumida o‘tin va ko‘mirga o‘tadi.

Daraxtlar yoppasiga kesiladi.

Biroq rasmiylar mamlakat ichkarisida bunday muammo mavjudligi tan olishmaydi.

Bir yarim yil muqaddam O‘zbekiston Sovet Ittifoqi paytida shakllangan Markaziy Osiyodagi yagona energiya tizimidan chiqishini e‘lon qilgandi.

O‘zbekistonning Markaziy Osiyo yagona energetika tizimidan chiqib ketishiga bir kun qolganda, Tojikiston o‘zining yagona energetika tarmog‘ini bunyod etishga erishganini e‘lon qildi.

Yagona energiya tizimi 1998 yildan boshlab "paralel" ravishda ishlashga o‘tgandi. Ya‘ni qish kunlari biror mamlakatda uzilishlar bo‘lsa, boshqa davlatlarning hisobiga ushbu yo‘qotish to‘ldirilgan.

Markaziy Osiyoda suv taqichilligi yuzaga kela boshlagach, ushbu tizimga a‘zo davlatlar o‘rtasida ziddiyatli masalalar o‘rtaga chiqa boshladi.