Shu yilning o‘zida to‘rt xorazmlik Rossiyada vafot etdi - "Najot"

Xorazm viloyatida joylashgan "Najot" inson huquqlari tashkiloti xabar qilishicha, joriy yil boshidan 12 fevralgacha Rossiyada ishlayotgan to‘rt nafar xorazmlik mehnat muhojiri hayotdan ko‘z yumgan.

Xabarda aytilishicha, oxirgi hodisalardan birida 9 fevral kuni 26 yoshli Habibulla Sultonov Moskva viloyatida yuz bergan yo‘l falokatida nobud bo‘lgan.

Habibulla Sultonov Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanidan bo‘lgan.

U 2009 yilda pul topish ilinjida Moskvaga yo‘l olgan va o‘limiga qadar Moskva viloyatining turli tumanlarida ishlab kelgan.

Habibulla o‘limiga qadar oilasiga 800 dollar jo‘nata olgan.

Uning o‘limi qanday yuz bergani borasida "Najot" tafsilotlarga ega emas.

Rossiyada yashab va ishlab kelayotgan o‘zbekistonlik muhojirlar vafot etgan vatandoshlarining O‘zbekistonga qaytarilishi jarayoni qiyin va qimmatligidan arz qilib kelishadi.

O‘zbek diasporalari Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasi mazkur jarayonda yordam bermagani tufayli o‘zlari pul jamlab, marhum jasadining vatanga qaytarilishini yo‘lga qo‘yishlarini aytishadi.

"Najot"ga ko‘ra, jasadning Rossiyadan O‘zbekistonga olib kelinishi uchun kamida 2000 ming dollar kerak bo‘ladi.

Habibulla bilan bir kunda yana bir qo‘shko‘pirlik muhojir avtohalokatda nobud bo‘lgan.

"Najot" tashkiloti bilan suhbatlashgan yana bir xorazmlik muhojir Nurik Madrimovning aytishicha, oxirgi vaqtda Rossiyada o‘zbekistonlik muhojirlarga qarshi bosimlar kuchaygan.

"Haqorat qilish, do‘pposlashlar, qo‘rqitishlar va yashab turgan yotoqxonalaridan quvib chiqarishlar oddiy holga aylangan," - deyiladi "Najot" hisobotida.

Kaliningrad viloyatida mehnat qilayotgan yana bir muhojir Marziya O‘rmonovaning arz qilishicha, viloyatda ayniqsa o‘zbekistonlik muhojirlarga nisbatan bosim oshgan.

Uning aytishicha, muhojirlarni rasmiy ro‘yxatga oluvchi idoralar o‘zbekistonlik ishchilarni "deyarli quvib chiqarishayapti".

Ayni damda "Najot" Rossiyada jinoyat sodir etganlikda ayblanib hibsga olingan xorazmlik muhojirlar oilalari tashkilotdan huquqiy yordam so‘rab murojaat etayotganlarini ham xabar qiladi.