Toshkentdagi eng yirik savdo do‘konlaridan biri berkitildi

Image caption Turkuaz Bosh Universal Magazin binosini ta‘mirlash uchun 4 million dollardan ko‘proq mablag‘ sarflanganini aytadi

O‘zbekistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, poytaxt Toshkentdagi eng yirik savdo do‘konlaridan biri - Turkuaz huquq-tartibot va soliq xodimlari tomonidan berkitilgan.

Toshkentdagi manbalarning BBCga ma‘lum qilishlaricha, chorshanba kuni olib borilgan tekshiruvlar chog‘ida "aftidan Turkuaz faoliyatida ko‘plab xatolar aniqlangan".

Turkuaz Sovet davrida "Bosh Universal Magazin" nomi bilan mashhur, shaharning eng yirik binosida faoliyat olib borayotgandi.

Guvohlarning ma‘lum qilishlaricha, "eski" va "yangi" shahar chorrahasida joylashgan ushbu to‘rt qavatli do‘kon atrofi avvaliga bir necha avtobusda kelgan maxsus militsiya kuchlari tomonidan o‘rab olingan.

Savdo-sotiq to‘xtatilib, do‘kon ichkarisida ishlayotgan yuzlab xodimlar kun davomida ushlab turilgan.

"Soat kechki yettilarga borib, avvaliga do‘konning ayol xodimlarni qo‘yib yuborishdi, soat tungi to‘qqizdan keyin erkak xodimlar binoni tark etishdi," deydi bino ro‘parasida joylashgan "Chorsu" bozorida savdo qiluvchilardan biri.

Uning aytishicha, Turkuaz xodimlariga "bundan buyon ishga chiqmaslik" buyrug‘i berilgan.

Payshanba kuni ertalab huquq-tartibot idoralari xodimlari Toshkent bozorlarida mardikorlik qiluvchi 300 ga yaqin odamni keltirib, "binodagi yuklarni olib ketishgan".

Turkuaz-ga qarashli binoning birinchi qavatida O‘zbekistonga xorijdan keltirilgan va mahalliy oziq-ovqat, kiyim-kechak va elektron mollari bilan savdo qiluvchi o‘nlab savdo do‘konlar, yuqori qavatlarida esa trikotaj va kiyim-kechaklar ishlab chiqaruvchi korxonalar joylashgan.

Savdo do‘konlarida 40 mingdan ziyod mahsulot sotilishi aytiladi.

1992-yilda Istanbulda asos solingan Turkuaz shirkatining asosiy faoliyati Markaziy Osiyoda davlatlariga Turkiya doxil dunyoning yetakchi oziq-ovqat va kiyim-kechak ishlab chiqaruvchi shirkatlari mahsulotlarini yetkazib berishga qaratilgan.

Toshkent markazida joylashgan yana bir necha yirik savdo do‘konlari Turkuaz shirkatiga qarashlidir.

Turkuaz O‘zbekistonda 500 dan ortiq mahalliy fuqarolarni ish bilan ta‘minlashini aytadi.

Mahalliy kuzatuvchilar huquq-tartibot xodimlarining o‘xshash amaliyotlari o‘tgan haftalarda Toshkent markazidagi Navoiy savdo rastalarida ham o‘tkazilgan.

Mazkur amaliyotlar chog‘ida o‘nlab do‘konlardan savdoga qo‘yilgan millionlab dollarga teng mahsulotlar musodara qilingan.

O‘zbekiston rasmiylari bu borada hozirgacha izoh berishmagan.