O‘zbekistondagi turk shirkatlari "nurchilik"da ayblanmoqda

Image caption Chorshanba kungi reydda "Turkuaz" savdo markazining xodimlari do‘pposlanib, mollari talangan

O‘zbek rasmiylari mamlakatdagi qator turk shirkatlarini diniy ekstremizmni moliyalashda ayblashgan.

Payshanba kuni davlat televideniyesi orqali namoyish etilgan maxsus ko‘rsatuvda turk shirkatlari O‘zbekiston bilan qardoshlik aloqalari va mamlakatdagi qulay sarmoya muhitini suiste‘mol qilganliklari hamda soliqlarni yashirganliklari ham aytiladi.

Davlat televideniyesiga ko‘ra, "Turkuaz", "Gunesh va "Kaynak" singari bir qator turk shirkatlari Turkiyada faoliyati taqiqlangan "Nurchilar" diniy oqimi g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi adabiyotlarni tarqatish va yashirin jamoatlar tuzish bilan shug‘ullangan.

Ko‘rsatuvda mamlakatda 50 dan ortiq turk shirkatlari yopilib, ularning 400 million so‘m miqdoridagi mabag‘lari musodara qilingani hamda rahbarlari javobgarlikka tortilgani ham aytilgan.

"Terror"

O‘zbekiston televideniyesidagi ayblovlar o‘zbek militsiyasi Toshkentdagi yirik "Turkuaz" savdo markaziga reyd uyushtirganidan bir kun o‘tib yangragan.

Chorshanba kungi reydda poytaxtning eski Bosh Universami joylashgan bino atrofi avtobuslarda olib kelingan ko‘p sonli militsiya xodimlari tomonidan o‘rab olingan.

Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasiga yaqin manba‘ o‘zbek huquq-tartibot idoralari o‘tkazgan reydni "terror" deya tasvirladi.

Uning aytishicha, qurollangan maxsus militsiya kuchlari savdo markazi ichkarisiga bostirib kirgan va barcha xodimlarni yerga yotqizib qo‘yib, do‘konni talagan.

"Qurolli xodimlar "Turkuaz" boshlig‘i Vohid Guneshning xonasiga ham shu yo‘sin bostirib kirishgan va uni yerga yotqizib, do‘pposlaganlar", deydi nomi oshkor etilishini istamagan manba‘.

Bir necha soat davomida bino ichkarisidan chiqarmay, ushlab turilgan Guneshning ahvoli yomonlashishi ortidan shifoxonaga olib ketilgan.

Elchixonaga yaqin manba‘ning aytishicha, shu kunning o‘zida ishbilarmondan xabar olish uchun borgan Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi va boshqa mulozimlar shifoxonaga qo‘yilmagan.

Savdo markazidagi mollar militsiya tomonidan mashinalarga yuklab olib ketilgan, ularning qiymati noma‘lum.

O‘yin qurbonlari?

Turkiya elchixonasi sodir bo‘lgan hodisa yuzasidan sharh bermayotir.

Ammo nomi oshkor etilishini istamagan elchixona xodimlaridan birining aytishicha, turk diplomatlari o‘zbek huquq-tartibot idoralarining harakatidan g‘azabga tushganlar.

"Bu kabi reydlar avvallari ham bo‘lgan, ammo hech qachon bunchalik qo‘pol bir shaklda bo‘lmagan edi", deydi elchixona xodimi.

U turk shirkatlarining O‘zbekistonda yashirin diniy faoliyatni moliyalash bilan shug‘ullangani haqidagi da‘volar tekshirilishi kerakligini aytdi.

"Bu shirkatlar yillar davomida O‘zbekistonda faoliyat olib borgan, nima uchun ayblovlar endi chiqayapti?" deya savol qo‘yadi turk elchixonasi xodimi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil dekabridan buyon O‘zbekistondagi 7 ta yirik turk shirkatlari yopilgan.

Turk biznesiga xurujlar 1990-yillar o‘rtalarida ham kuzatilgan, o‘shanda bunga o‘zbek siyosiy muxolifati rahbarlarining Turkiyada panoh topgani sabab bo‘lgan, deb ishoniladi.

Mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, hozirgi xurujlar O‘zbekistondagi mulkni qaytadan bo‘lish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Turk shirkatlari mamlakatdagi turli moliya-sanoat guruhlari o‘rtasidagi kurashning qurbonlari bo‘lishmoqda, deyishadi kuzatuvchilar.