Amerikada 'Vatandosh' nomli o‘zbekcha gazeta chop qilinmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Gazetani AQShda yashovchi o‘zbekistonlik Farhod Sultonov tashkil etgan

Amerikaning Nьyu York shahrida ilk bor o‘zbek tilida "Vatandosh" nomli gazeta chiqa boshladi. Gazetaga AQShda yashovchi o‘zbekistonlik Farhod Sultonov tarafidan asos solingan.

"Gazetani tashkil etishga turtki bergan narsa, manimcha, Vatan sog‘inchi bo‘lsa kerak, Vatan sog‘inchi", deydi Farhod Sultonov Bi-bi-si bilan suhbatda.

Unga ko‘ra, maqsad "o‘zbeklarga asosan madaniy-ma‘rifiy mavzuda" xabarlar, maqolalar yetkazishdir.

"Bilasiz, hamma joyda, chet elda yurgan o‘zbeklarning asosiy muammosi - keyingi avlodda tilning yo‘qolib borishi, urf - odatlarning yo‘qolib borishi. O‘sha til va urf-odatlarni saqlab qolish uchun biz asosan til, adabiyot, san‘at, tarix mavzulariga e‘tibor qaratmoqchimiz", deydi Farhod Sultonov.

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption 'Vatandosh' gazetasining ilk soni- surat gazeta vebsahifasidan olindi

Gazetani oyida ikki marta chiqarish rejalangan va ilk soni 3 ming nusxada chop etilgan. Farhod Sultonovga ko‘ra, gazeta juda muvaffaqiyatli tarqatilgan. U hozir "Vatandosh"ning ikkinchi sonini nashrdan chiqarishga hozirlik ko‘rilayotgani va bu gal 5 ming nusxada chop etish ko‘zlanayotganini aytadi.

"Amerikada 20dan ortiq rus tilida gazetalar bor. 17dan ortiq pokistonliklarning gazetasi, arablarning, yahudiylarning bir qancha gazetalari bor. O‘zbeklar ham sekin ko‘payib borayotgan millat. Ularning ham gazetasi bo‘lsin degan maqsadda qildik", deydi "Vatandosh" gazetasi asoschisi Farhod Sultonov.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди