O‘zbekiston Human Rights Watch tarixida idorasini yopgan ilk mamlakat

Фото муаллифлик ҳуқуқи bbc
Image caption Kennet Ross: Human Rights Watchni quvib solish bilan O‘zbekiston hukumati inson huquqlari sohasidagi tanqidga toqat qilmasligini namoyish etayapti

O‘zbekiston hukumati Human Rights Watch inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tashkilotining Toshkentdagi idorasini yopishga majburlagan.

Tashkilot bayonotiga ko‘ra, O‘zbekiston Oliy sudi yopish qarorini hech narsa bilan asoslamagan.

Human Rights Watchdan bildirishlaricha, ushbu xalqaro tashkilotning O‘zbekistondan quvib chiqarilishi mamlakatdagi ayanchli inson huquqlari ahvoli, jumladan muntazam qiynoqlar, qator siyosiy mahbuslarning tutqunlikda saqlanayotgani manzarasida ro‘y bermoqda.

Aslida Xalqaro tashkilotning O‘zbekistondagi faoliyati 2007 yilda to‘xtatilgan.

O‘shanda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Human Rights Watch tashkiloti vakiliga mamlakatda ish olib borish huquqini beruvchi akkreditatsiya berilmasligini ma‘lum qilgandi.

Keyinchalik O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Human Rights Watch tashkilotining yangi vakili Igorь Vorontsovga ham akkreditatsiya bermaslikka qaror qilgan.

O‘zbek rasmiylari Vorontsov "o‘zbek xalqi mentalitetidan xabardor emas" degan vaj ko‘rsatganlar.

2010 yil Human Rights Watch vakili Stiv Sverdlou akkreditatsiyadan o‘tish uchun O‘zbekistonga borgan, biroq ikki oydan keyin mamlakatdan chiqarib yuborilgan edi.

O‘tgan yil dekabrida O‘zbekiston Adliya vazirligi Stiv Sverdlouni ro‘yxatdan o‘tkazish murojaatiga rad javobi bergan, vazir o‘rinbosari G. Hidoyatov imzosi bilan taqdim etilgan raddiyada HRWning Toshkentdagi vakolatxonasi O‘zbekiston qonunlarini buzgani va tashkilot vakili Stiv Sverdlouning O‘zbekiston bilan hamkorlik borasida "etarli tajbiraga ega emas"ligi aytilgan.

Xalqaro tashkilotdan bildirishlaricha, bu Human Rights Watch tarixida ilk bor hukumat tomonidan ishchi idorasi faoliyatini to‘xtatishga majburlashdir.

"Human Rights Watchni quvib solish bilan O‘zbekiston hukumati inson huquqlari sohasidagi tanqidga toqat qilmasligini namoyish etayapti. Biroq biz ham bunga toqat qilmaymiz va avvalgidek O‘zbekistondagi inson huquqlari poymol etilishi haqida hisobot tayyorlayveramiz", deb aytgan tashkilot ijrochi direktori Kennet Ross.