O‘zbekistonlik 29 boshpana izlovchi barchasining arizasi rad etildi

Фото муаллифлик ҳуқуқи bbc

Olma ota shahar Olmali tuman 1-sonli mahkamasi o‘tgan ikki kun davomida 29 o‘zbekistonlik boshpana izlovchining ekstraditsiya ishini ko‘rib chiqib, ulardan hech birining da‘vosini qondirmadi.

Hakamlar Qozog‘iston bosh prokuraturasi tomonidan boshpana izlovchilarni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish haqidagi qarorni o‘z kuchida qoldirdi. Qochqinlarning 10 kunning ichida hukmdan shikoyat qilish haqlari borligi aytildi.

Mahkama jarayonida boshpana izlovchilarning ayrimlari O‘zbekistonda dahshatli qiynoqlarga tutilganini bildirgan. Ammo javobgar sifatida ishtirok etgan prokuror ushbu qiynoqlarni tasdiqlash uchun ma‘lumotnoma keltirish kerakligini ta‘kidladi.

Olmali tuman 1 chi son mahkamasida bo‘lib o‘tgan jarayonda ilk bor hibsdagi boshpana izlovchilarning o‘zlari ham ishtirok etdi.

Mahkama jarayoni 15 mart kuni ertalabki soat 11 da boshlandi. Tushlikkacha hakam Chinibekova Gulshahar Sirojiddin Tolipovning ishini tingladi. Advokat Alma Arinova himoyasidagi shaxs Sirojiddin Tolipovning 9 oydan beri hibsda noqonuniy ushlab turilganini aytdi.

- 53 moddaning 3-bandi bo‘yicha hibsda 6 oydan ko‘p ushlab turish tuman hakamining qaror bilan bo‘lishi kerak. 9 oydan yuqorisi esa tergov izolyatori rahbarining prokuror bilan kelishgan holdagi talabi bilan amalga oshirlishi kerak, - deydi advokat Alma Arinova.

Bundan tashqari advokat BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi hisobotlarida O‘zbekiston mahbuslarga qiynoq qo‘llovchi davlat sifatida e‘tirof etilishiga to‘xtalib o‘tdi. Bir necha yillardan beri esa, ushbu qo‘mita vakili O‘zbekistonga kiritilmayotganini ta‘kidladi.

Boshpana izlovchi Sirojiddin Tolipov O‘zbekistonga qaytarilsa, qiynoqlar kutayotganini va hakamdan O‘zbekistonga yubormaslikni so‘radi.

Shundan so‘ng prokuror advokatning da‘volari bilan tanishib chiqish uchun tanaffus so‘radi. Hakam mahkama jarayonida tanaffus e‘lon qildi.

Qiynoqlar

Image caption Qobiljon Qurbonov qiynoqlardan shikoyat etgan

Ishi mahkamada ko‘rilgan deyarli barcha boshpana izlovchilar O‘zbekistonda qiynoqlar haqida hikoya qilishdi. Kimdir o‘zi qiynoqlarni boshidan o‘tkazgan bo‘lsa, yana kimdir yaqinlariga nisbatan ishlatilgan qiynoqlarni hikoya qildi.

Qobiljon Qurbonovning hikoya qilishicha, uni 2004 yil Toshkent shahri va atrofida bo‘lgan portlashlardan so‘ng hibsga olishadi. Avvaliga unga uchastka nozirini haqorat qilgan, deya ayb qo‘yishadi. Hibsdaligi vaqtida esa tomidan “qurol topib olishadi”.

Qobiljon Qurbonov huquq-tartibot organi xodimlari tomonidan qo‘yilmoqchi bo‘lingan qalbaki ayblovlarni tan olmagani uchun qiynoqlarga tutiladi.

- Ular menga ikki marta gazga qarshi niqob kiydirishdi. O‘lsam kerak deb o‘ylagandim. Ikki marta hushdan ketdim. Shundan so‘ng ketimga to‘qmoq tiqishdi. Ustimdan bilganlaricha kulishdi va tahqirlashdi. Ular menga qog‘oz olib kelib qo‘l qo‘y, deyishardi. Men nima uchun qo‘l qo‘yishim kerak. Men hech narsa qilganim yo‘q. Senlarning yulduzcha olishinglar uchun qiynalishim kerakmi. O‘lsam ham qo‘l qo‘ymayman, dedim. Meni o‘ldirib qo‘yishlariga bir bahya qoldi, deydi Qobiljon Qurbonov.

Shundan so‘ng uyida qurol caqladi, degan ayb bilan 2 yil shartli ravishda qamoq jazosi belgilanadi.

Nurullayev Bahriddining akasi Baxtiyorni ham jinoyat sodir etdim, deya qog‘ozga qo‘l qo‘yasan deya azoblashgan.

Mahkama nima deydi?

Image caption Olma ota shahar Bosh prokurori Abay Kaliyev

Ammo mahkamada qochqinlarning ushbu da‘volari asosga ega emasligi aytildi. Javobgar prokuror va hakam boshpana izlovchilardan ushbu qiynoqlar haqidagi da‘volarni tasdiqlash uchun biror ma‘lumotnoma bormi, deya so‘rashdi.

Prokurorga ko‘ra, na xalqaro tashkilotlarning hisobotlari va na boshpana izlovchilarning da‘volari O‘zbekistonda qiynoqlar borligini anglatmaydi.

“Qiynaydi, qiynaydi, deb asosan qochqinlar gapirayapti. Nimaga asoslanib O‘zbekistonda qiynashadi, deymiz. Ertaga Karimov Qozog‘istonda qiynashadi deb chiqadi. Albatta inson sifatida ularning yuborilishini istamayman. Ammo konventsiya bo‘yicha biz bunday deyishga haqqimiz yo‘q. Ertaga mojaro kelib chiqishi mumkin,” deydi shahar prokuraturasidan Abay Kaliyev.

Abay Kaliyevga ko‘ra, O‘zbekistonda qiynoqlar borligini O‘zbekiston Bosh prokuraturasi aytsa ishonarli bo‘ladi. Ammo prokuratura bunday demagan.

Minsk Konventsiyasi bo‘yicha Qozog‘iston O‘zbekistonga jinoyatchilarni topshirish majburiyatini olganligi prokuror tomonidan ta‘kidlandi.

Tarjimonlarning vaqti ziqligi bois hakam Chinibekova Gulshahar bir vaqtning o‘zida 5 kishining ishini ko‘rib chiqishini bildirdi.

Hakamlar Chinibekova, Shamshiyev, Begaliyevlar kechki soat 9:30 gacha ko‘rilgan ishda 16 boshpana izlovchining arizalariga rad javobini berdi.

Boshpana izlovchilar 10 kunning ichida shahar mahkamasiga shikoyat qilishi mumkinligi bildirildi.

Advokat Asiya Temirbekovaga ko‘ra, shahar mahkamasi ham boshpana izlovchilarga rad javobini bersa, Bosh prokurorning ularni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish qarori kuchga kiradi.

Boshpana izlovchilar O‘zbekistonda diniy oqimlarga a‘zolik va unga rahbarlik qilish kabi jinoyatlarda ayblanmoqda. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ularni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilishlarini so‘rab, davlatlaro qidiruvga bergan.