Internetdagi qarashlarni nafaqat AQSh, balki O‘zbekiston ham boshqarishga urinayapti

Image caption O‘zbekistonda internetni yoshlar ongini bulg‘ovchi vosita sifatida namoyish qilish tendentsiyasi kuzatilmoqda

Britaniyada chop etiladigan Gardian ro‘znomasining yozishicha, Amerika harbiylari kibermakonda potentsial jihodchilarga qarshi kurashish uchun internetni o‘z yo‘llariga solishga urinishmoqda.

Maqolaga ko‘ra, turli chatxonalar va ijtimoiy muloqot sahifalarida AQSh harbiy xodimlari doimiy tarzda o‘tirishadi va muloqotlarga kirishishadi. Maqsad aksilamerika mazmunidagi fikrlarga qarshi chiqishdir.

Ushbu vazifa AQSh Markaziy Qo‘mondonligining Yaqin Sharq, Iroq, Afg‘oniston, Pokiston va Markaziy Osiyo uchun mas‘ul bo‘limiga yuklatilgan.

Gardian ro‘znomasining yozishicha, harbiylar bir kompьyuter programmalari shirkatidan bir necha soxta onlayn shaxsni boshqarishga imkon beradigan dasturni yaratib berishni so‘raganlar.

Bu soxta onlayn-shaxslarga doir ma‘lumotlar ishonchli ko‘rinishi, huddi haqiqiy o‘tmishi bordek inson ekaniga har kimni ishontirishi kerak.

Soxta shaxslar bir necha tillardagi onlayn-mubohasalarning ichiga tashlanadi. Bu tillar orasida pushtun, urdu va fors tillari bor.

Ro‘znoma Markaziy Qo‘mondonlik vakilidan iqtibos keltiradi: uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu texnologiya AQSh tashqarisidagi dushman targ‘ibotiga qarshi turli tillardagi veb-saytlarda maxfiy blogning faoliyatini yuritish imkoniyatini beradi.

"Gardian"ga ko‘ra, atigi elliktacha harbiyning har biri o‘ntagacha soxta shaxs nomidan forumlarda qatnasha oladi.

Ular kechayu-kunduz bloglarda, chat xonalaru-tvitterda qoldirilgan sharhlarni nishonga ola olishlari, o‘zlarini dunyoning turli burchaklaridan yozayotgan kishi qilib ko‘rsata olishlari mumkin.

Ro‘znomadagi xabarni o‘tgan yili AQShning "Mudofaa yangiliklari" jurnali chop etgan maqolasi ham tasdiqlaydi.

Unda, masalan, Pentagan bir necha tildagi veb-blog, chatxona va ijtimoiy tarmoqlardagi ishtirokchilar bilan muloqotga kirishga qodir dasturni moliyalashni so‘rab hukumatga murojaat qilgani yoziladi.

AQSh harbiylari o‘zlarining vebdagi faoliyatini kengaytirish yo‘llarini izlayaptilar, sababi, ular aytishicha, kiberfazo jahon jang maydonining bir qismidir va uni nazoratsiz qoldirib bo‘lmaydi.

O‘zbek "internet armiyasi"

O‘zbekistonlik internet foydalanuvchilari mamlakatda nafaqat Internetga to‘siq qo‘yilgani, biroq O‘zbekiston tanqid qilingan maqola yoki veb-sahifalariga qarshi ruhdagi sharh qoldirish faol ekanini aytadilar.

Internet sahifalarida bunday ruhdagi sharhlarni qoldirish bilan shug‘ullanadigan O‘zbekiston maxsus xizmatlarining guruhlari borligi haqida ham aytilgan.

Image caption Dam olish kunlarida Boquda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishi Feysbuk sahifasi orqali uyushtirildi

Internetni tadqiqot qiluvchi jurnalist Qudrat Bobojon ham bunday kuchlar borligiga ishonadi.

"O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlari sobiq sho‘ro mamlakatlari ichida eng ko‘p sonli hisoblanadi. O‘zbekiston hukumati (internetni nazorat qilish uchun) maxsus xodimlarni qo‘yish imkoniyati bor deb o‘ylayman. Bu xizmatlar uchun bepul tarzda, yoki qandaydir manfaat uchun bu vazifani bajaruvchi oddiy odamlar ham ko‘p", - deydi jurnalist.

Kuzatuvchilar, o‘zbek maxsus kuchlari tomonidan ferghana.ru, uznews.net, centrasia.ru, bbcuzbek, ozodlik.org sahifalarida sharxlar qoldirilishini kuzatish mumkinligini aytishadi.

Mazkur sharxlar o‘zbek hukumatiga qarshi fikrdagi shaxslarni nishonga oladi.

"Bunday postinglarning mazmuni shuki, ular asosan muxolifat partiyalar liderlari haqida turli bo‘htonlar uydirishga qaratilgan, jurnalistlar haqida yolg‘on-yashiq gaplarni tarqatish, omma orasida biron maqola muallifiga qarshi shubha uyg‘otishga qaratilgan", - deydi Qudrat Bobojon.

Jurnalistga ko‘ra, haqiqatga yolg‘ondek ko‘rsatish bo‘yicha internetdagi bu harakatlar "astroturfing" deb nomlanadi.

O‘zbekistonda internetga bo‘lgan hukumatning e‘tibori ayniqsa Yaqin Sharq va arab davlatlaridagi g‘alayonlar, hamda Ozarbayjonda Feysbuk sahifasi orqali uyushtirilgan namoyishlardan so‘ng ortdi.

Internetdagi erkinlikdan xavotirlar

Shu oy boshida O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi uyali telefon va internet provayderlariga yangi yo‘riqnoma yo‘llagan. Unda hukumatga qarshi ruhdagi yoki ommaviy tarzdagi "shubhali" sms va postinglar haqida hukumatga xabar berish buyuriladi.

"Har xil chaqiriq, jamoatchilik orasidagi faollashuvga qarshi maxsus kompaniyada bu provayderlar ham ishtirok etishadi va shubhali abonentning aloqasini uzib qo‘yishgacha borishadi", - deydi Qudrat Bobojon.

Shuningdek, shu kunlarda O‘zbekiston ta‘lim vazirliklari milliy axborot markazida matbuot anjumani o‘tkazib, internetdagi ma‘lumotlarni "fil'trlash"ni so‘rashgan.

Matbuot anjumanida fikr bildirgan rasmiylarning aytishicha, bundan maqsad o‘zbek ruhiy va axloqiy qadriyatlariga qarshi qarashlar va fikrlardan o‘zbekistonlik yoshlarni himoya etishdir.

Biroq, tanqidchilar bu takliflarni ham internetdagi erkin so‘zni bo‘g‘ishga qaratilgan chora deya baholashmoqda.