Prezident Karimov o‘zbekistonliklarni hushyorlikka chaqirdi

Image caption Prezident Karimov bu safar ham raqsga tushgan va sahnadagi qo‘shiqchilardan ba‘zilarini quchog‘iga bosgan

O‘zining Navro‘z tabrigida Prezident Islom Karimov hozirgi "o‘ta notinch davrda" mamlakatdagi tinchlik va osudalikni qadrlashga chaqirgan.

Navro‘z bayrami munosabati bilan Toshkentda o‘tgan rasmiy marosimda gapirgan janob Karimov O‘zbekiston mustaqillik yillarida erishgan yutuqlarni ko‘z qorachig‘idek asrash va sezgir bo‘lish haqida ogohlantirgan.

"El-yurtimiz nimaiki natijalarni qo‘lga kiritmasin, bularning barchasi yurtimizda tobora mustahkam bo‘lib borayotgan tinchlik va osudalik, millatlar, dinlar va fuqarolararo totuvlik va ahillik, bir-birimizga hurmat va ehtirom hisobidan, desak, o‘ylaymanki, hech qanday xato bo‘lmaydi", deb aytgan Prezident Karimov.

Liviya uslubidagi inqilob? Xorijiy diplomatlar qarshisida gapirgan O‘zbekiston rahbari Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqdagi voqealarni tilga olmagan, ammo uning ta‘biricha, "fuqarolararo totuvlik va ahillik"ning muhimligini urg‘ulagan.

O‘zbekiston rahbariyati, mintaqadagi qo‘shni davlatlardan farqli o‘laroq, Arab dunyosini o‘z zabtiga olgan inqiloblarga rasmiy munosabat bildirmagan.

Qo‘shni Qozog‘iston va Tojikiston rasmiylari bu kabi inqiloblarning yuz berish ehtimolini istisno qilishgan.

Ammo kuzatuvchilarga ko‘ra, o‘zbek hukumatining sukut saqlayotgani uning voqealardan tashvishda emasligini anglatmaydi.

Hukumat Tunis va Misrdagi hokimiyat o‘zgarishlaridan so‘ng O‘zbekistonda internet va axborotni cheklovchi qator choralarga qo‘l urgan.

Jumladan, jurnalistlarga xorijiy elchixonalar bilan aloqalari haqida rasmiylarga ma‘lumot berish haqida ko‘rsatma berilgan va xabarlarga ko‘ra, mobil aloqa shirkatlari ommaviy SMS larni nazorat qilish haqida ogohlantirilgan.

G‘arbdagi tahlilchilar Markaziy Osiyo tuzumlari bilan Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqdagi tuzumlar orasida o‘xshashliklar ko‘pligi va mintaqada arab uslubidagi inqiloblarning yuz berish ehtimoli katta ekanini aytishmoqda.

O‘tgan hafta Moskvadagi "Memorial" inson huquqlari markazi O‘zbekistonda siyosiy repressiyalar kuchaygani va Islom Karimov hokimiyatda qolish uchun Liviya rahbari Muammar Qaddofiy singari o‘z xalqiga qarshi jang qilishdan ham qaytmasligini aytgan.

bu yerga bosing "Memorial" hisoboti haqida batafsil mana bu yerda

"Memorial" ga ko‘ra, voqealarning bu kabi rivojlanishi mintaqa uchun halokatli oqibatlarga olib keladi.

Inson huquqlari guruhi G‘arbni Yaqin Sharqdagi so‘nggi voqealar manzarasida O‘zbekistonga nisbatan siyosatini qayta ko‘rib chiqish va bu mamlakatdagi inson huquqlarining ayanchli ahvoliga ko‘z yummaslik haqida ogohlantirgan.