Ikki qochqinning Toshkentga qaytarilishi bekor qilindi

Image caption "Boshpana huquqi" dasturi himoyachilari o‘zbekistonliklarni Toshkentga qaytarish tendentsiyasi o‘zgarayotganini aytishmoqda

Rossiyaning "Boshpana huquqi" dasturi xabariga ko‘ra, O‘zbekistonga chiqarib yuborilishi kutilgan ikki kishining shikoyati qondirilgan.

Bosh prokuratura O‘zbekiston fuqarosi Bobirjon To‘xtamurodov va Qirg‘iziston fuqarosi Jahongir Obidov O‘zbekistonga topshirilishi kerak deya qaror qilgandi, biroq Novosibirsklik hakam bu qarorni noqonuniy deb topgan.

Ikkovlon ham O‘zbekiston tomonidan qidiruvda bo‘lib, diniy qarashlarga asoslanib davlatga qarshi jinoyatlarni amalga oshirishda ayblanganlar.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining qiynoqlar bo‘yicha ma‘ruzachisi, hamda Ovro‘po Inson Huquqlari Mahkamasi O‘zbekistonda qiynoqlar muntazam ravishda qo‘llanishini xulosa qilgan va gumondorlarning u yerga qaytarilmasligini tavsiya berib keladi.

Novosibirsk mahkamasi ham xalqaro tashkilotlar, hamda Ovro‘po mahkamasi xulosalaridan iqtibos keltirib, agar ikkovlon O‘zbekistonga qaytarilsa "shafqatsiz, noinsoniy va insonning qadr-qimmatini kamsituvchi munosabat va jazolarga tortirilishi" xavfi borligini aytgan.

"Tendentsiya" sindirildimi? "Boshpana huquqi" dasturi rahbari Yelena Ryabinina hakam qarorini olqishladi.

"Menimcha, bir qator Strasburg (Ovro‘po Inson Huquqlari mahkamasi) qarorlari tufayli Rossiyadagi tendentsiyani sindirishga muvaffaq bo‘ldik. Rossiya Oliy Mahkamasi bu kabi ishlarga o‘z munosabatini o‘zgartirdi, bu aslida ham shunday bo‘lib qoladi deb umid qilaman", - deydi Ryabinina xonim.

Jahongir Obidovning O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinishi bo‘yicha qaror o‘tgan yil dekabrida Ovro‘po mahkamasi tomonidan noqonuniy deb topilgan va ish Novosibirsk mahkamasiga topshirilgan.

Obidovni Toshkentga olib ketish uchun Novosibirskka hatto o‘zbek xavfsizlik kuchlari guruhi kelgan.

Himoyachilar Bobirjon To‘xtamurodov ishining Strasburgdagi mahkamaga oshirilmasdan, ijobiy hal etilganidan o‘ta mamnunliklarini aytishmoqda.

Mahkama qaroriga hurmat Yelena Ryabininaning aytishicha, himoyachilar va ozod etilgan To‘xtamurodov va Obidovlar mahkama binosidan chiqishlari bilan Federal Migratsiya Xizmati, Ichki Ishlar Vazirligi va Federal Xavfsizlik Xizmati xodimlari tomonidan kutib olinganlar.

Rasmiylar ikkovlonning pasportlari hali mahkama tomonidan qaytarilmaganini hisobga olmay, "hujjatsiz" kelgindilarni idoraga olib ketishga shaylanganlar, biroq himoyachilar ularni to‘xtatib qolishga muvaffaq bo‘lishgan.

Himoyachilar ikkovlonni O‘zbekistonga qaytarmaslik bo‘yicha Ovro‘po mahkamasi qarori borligini eslatganlarida, migratsiya rasmiysi bu "umuman to‘siq" emasligini aytgan.

"O‘zbekistonga qaytarilishi borasida qaror chiqarilgan shaxslarni qaytarolmay qolganlarida, bizning qo‘shtirnoq ichidagi jasur xavfsizlik kuchlarimiz, kechirasizu, huquqni ko‘madigan idoralar, qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, o‘z o‘zbek hamkasblarining iltimosini qondirishga urinadilar", - deydi Ryabinina xonim.

"Xavfsizlik kuchlariga mag‘lubiyat yoqmaydi va ular o‘z maqsadlariga erishish uchun har narsaga tayyorlar", - deydi himoyachi.

Bobirjon To‘xtamurodov va Jahongir Obidovlar endi Rossiya hukumatidan vaqtinchalik boshpana so‘rash uchun ariza topshirmoqchilar.

Ikkovlon Novosibirskdagi SIZOda tanishganlar: To‘xtamurodov u yerda yetti oy, Obidov esa to‘qqiz oy ushlab turilgan.