O‘zbek paxtasini oluvchi G‘arb shirkatlari shikoyatlarga yuz tutmoqda

Image caption Xalqaro tanqidlarga qaramay, O‘zbekiston paxta dalalarida majburiy bolalar mehnati davom etmoqda

Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot Tashkilotining britan mulozimlari ikki britan shirkatining O‘zbekistondan paxta sotib olishiga qarshi tushgan shikoyatlar tufayli muzokaralar ochilganini ma‘lum qilishgan.

Britaniya hukumati veb sahifasida Cargill va ICT shirkatlari ustidan tushgan shikoyatlar qabul qilingani aytiladi.

Britaniyaning Milliy Muloqot Markazi idorasi endi Cargill va ICT shirkatlari bilan rasmiy vositachi yordamida muloqotga kirishini bildirgan.

Milliy Muloqot Markazi Cargill shirkatining shikoyatni butkul rad etish talabini hisobga olmagan.

Shikoyatlar olmon nohukumat tashkilotlari, xususan O‘zbek-Olmon Inson Huquqlari Forumi, Gvido Erler, hamda Konstitutsiyaviy va Inson Huquqlari bo‘yicha Ovro‘po Markazi tomonidan jo‘natilgan.

Bu tashkilotlar o‘zbek paxtasini sotib oluvchi va bu bilan go‘yoki O‘zbekistondagi majburiy bolalar mehnatini rag‘batlantiruvchi Ovro‘podagi shirkatlarni nishonga olib keladi.

Tashkilotlar o‘z shikoyatlari hukumat idorasi tomonidan qabul qilingani va shikoyatga uchragan shirkatlar bilan muzokaralar ochilganini ijobiy qadam deya baholashmoqda.

Oxirgi yillarda o‘nlab shirkatlar, xususan Wal-Mart, Tesco, Marks & Spencer, Target, va Gap aynan bolalar mehnati tufayli o‘z mahsulotlariga o‘zbek paxtasini aralashtirmaslikka va‘da berishgan.

Biroq, bir qator G‘arb shirkatlari o‘z mahsulotlarida qo‘llanuvchi paxta manbai qayerda ekani bilan qiziqishdan bosh tortib kelishmoqda.